Urganchda “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda “Yuksalish” harakati tashabbusi bilan jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilayotgan fuqarolik jamiyati rivojiga oid yangi konsepsiya loyihasining mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
[gallery-26332]
O‘zbekistonda 2026–2030 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish jarayonida mazkur tashabbus ochiq muhokamalar, inklyuziv va fuqarolik jamiyatining faol ishtirokida o‘tkazilmoqda.
O‘tkazilgan muhokamada viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar, davlat idoralari, OAV vakillari, jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Muhokama jarayonida qatnashchilar tomonidan aniq yechimlar, amaliy takliflar bildirildi va ushbu fikrlar konsepsiya loyihasini ishlab chiqishda inobatga olinadi.
Chunki, bu kabi muhokamalarning asosiy maqsadi hujjatni markazdan emas, balki quyidan boshlab fuqarolarning o‘z tashabbuslari va takliflariga tayanib shakllantirishdir.
***
Joriy yilning 18–19 noyabr kunlari Germaniyaning Berlin shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Germaniya oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-akademik aloqalarning mustahkamlanishi, balki oliy ta’lim tizimida yangi amaliy hamkorlik mexanizmlarining shakllanayotgani bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.
Mazkur forumda e’tibor ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan, aniq natija beradigan qo‘shma loyihalar sifati va samaradorligiga qaratildi. Bu esa ikki davlat ta’lim tizimlari o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Forumda Urganch davlat universiteti rahbariyati ham ishtirok etib, muhim kelishuvlarga erishdi.
Urganch davlat universiteti delegatsiyasining mazkur forumdagi ishtiroki Germaniya ta’lim va ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga, xalqaro ilmiy makonning faol ishtirokchisiga aylanishga xizmat qiladi.
***
Professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida shaxmat va shashka sport turidan viloyat bosqichi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada viloyatning barcha tuman va shaharlaridan jamoalar faol ishtirok etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, shaxmat bo‘yicha qizlar o‘rtasida Muxlisa Quranboyeva, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Feruzbek Sheripboyev birinchi o‘rinni egalladi.
Shashka sinovlarida esa Farangiz Jumanazarova qizlar, Umidbek Rahimboyev o‘g‘il bolalar o‘rtasida g‘olib bo‘ldi.
A.Shokirov, O‘zA