Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:29 / 2025-11-04

Xorazm viloyat hokimligida "2025 yilda viloyatda amalga oshirilishi mo‘ljallangan investitsiya loyihalari ijrosi va buning natijasida yaratiladigan yangi ish o‘rinlari, eksport salohiyati" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda viloyat hokimining o‘rinbosari – Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i Anvar Davletov Xorazmda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqida  batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek,  ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini  qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

***

Urganch davlat tibbiyot institutida talabalar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv tadbirida so‘zga chiqqan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha direktor maslahatchisi Feruza Otajanova  oila tushunchasi, uning mazmun-mohiyati, jamiyatda tutgan o‘rni haqida gapirdi.  

- Oilaning jamiyatda tutgan o‘rni beqiyos, - deydi  F. Otajanova -  Uning ta’rifi ham murakkab, mazmun-mohiyati esa nihoyatda teran, surati rang-barang va bir-biriga aslo o‘hshamaydi. Hayotning gashti turmush totuvligidadir. Ammo turmush totuvligi o‘z-o‘zidan yuzaga kelmasligini talaba-yoshlarga tushuntirishimiz lozim. Oddiygina bir e’tiborsizlik ham ba’zi hollarda turmush maromini izdan chiqarishi mumkin.

Tadbirda yoshlarga oilaning jamiyatdagi o‘rni, nikohning mohiyati, yigit va qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash jarayonining o‘ziga xos jihatlari, tinch va farovon oilani barpo etishda oila a’zolarining o‘zaro hurmat va totuvlikdagi munosabatlari haqida tushunchalar berildi.  

Shuningdek, oilada uchrashi mumkin bo‘lgan noaxloqiy holatlarning oldini olish, farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni, er-xotinning gender tengligi kabi masalalarda zarur bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

[gallery-26063]

***

Urganch shahrida maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining zamonaviy, barcha qulayliklarga ega yangi ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.

Binoning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Xorazm viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Urganch shahar hokimligi mutasaddilari, bo‘lim tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlari va faxriy ustozlar hamda nuroniylar ishtirok etdi.

Tashabbusli byudjet dasturi doirasida amalga oshirilgan ushbu loyihada binoni kapital ta’mirlash va zamonaviy mebel hamda texnik jihozlar bilan ta’minlash uchun 2 milliard 860 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

***  

Urganch tumanida “Limon hosili sayli”  bo‘lib o‘tdi.

Tumanning “Sholikorlar” MFY hududida joylashgan 6 gektarlik issiqxonada tijorat banki va tuman hokimligi hamkorligida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.  

Tadbir limonchilar, bog‘bonlar va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochish, sohadagi bilim va tajribalarni oshirish maqsadida uyushtirildi.

Tadbirda qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, mahalla yettiligi vakillari, viloyatdagi limon yetishtiruvchi 60 ga yaqin tadbirkor va tomorqachilar ishtirok etdi.

Seminar davomida ishtirokchilarga limonchilikni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlari, ilmiy-innovatsion yondashuvlar, xalqaro tajribalar, tijorat banklarining imtiyozli kreditlari, limon ko‘chatini parvarish qilish va foyda olish bo‘yicha zarur ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, limonni qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha yangi loyihalar yuzasidan tajriba almashish va sohadagi eng ilg‘or usullarni muhokama qilish imkoniyati yaratildi.

A.Shokirov, O‘zA