Xorazm viloyatining tuman va shahar hokimlari o‘rinbosarlaridan iborat delegatsiya turizm, sanoat sohalari, kunu tun faoliyat yurituvchi ko‘chalar va madaniy loyihalar bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida Xitoyning Xubay provinsiyasida bo‘ldi.
Endilikda o‘rganilgan tajribalarni Xorazm sharoitiga moslashtirish bo‘yicha taklif va loyihalar ishlab chiqilmoqda.
***
Kadastr agentligi Xorazm viloyat boshqarmasi rahbariyati tomonidan Urganch shahrida navbatdagi sayyor qabul va ochiq muloqot tashkil etildi.
Boshqarma rahbariyati, mutasaddi xodimlar ishtirokidagi tadbirda fuqarolarning murojaatlari tinglandi.
Qabul davomida fuqarolarning yer uchastkalarini rasmiylashtirish, kadastr hujjatlari, xatlov jarayonlari hamda boshqa dolzarb masalalar joyida hal etildi, o‘rganish talab qilinadigan murojaatlar bo‘yicha mas’ul xodimlarga aniq vazifa va topshiriqlar yuklatildi.
Shuningdek, aholining kundalik hayotida uchrayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan taklif va mulohazalar ham tinglandi.
***
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida bitiruvchi talabalar uchun “Biznes marafon” tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda talabalarga berilayotgan imkoniyatlar, xususan, yoshlarga oid davlat siyosatida ularning tashabbuskorligi va biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor haqida gapirdi.
Seminarda “UZTEX GROUP” va “UzAutoMotors” aksiyadorlik jamiyati Xorazm viloyati filiali vakillari, “Harvard school” IELTS o‘quv markazi asoschisi va boshqa ishbilarmanlar talabalarga o‘z tajribalaridan misollar taqdim etdi.
Seminar-trening davomida bitiruvchi talabalar nafaqat maslahatlar, balki kelajak faoliyatlari uchun kerakli rag‘bat ham oldilar.
***
Yurtimiz bo‘ylab e’lon qilingan “Xonatlas” oyligi doirasida Xorazm viloyat bojxona boshqarmasining ayol xodimlari xizmatni milliy liboslarda olib bordilar.
–Asrlar davomida milliy libos sifatida keng qo‘llanilib kelayotgan atlas matosi xalqimizning yuksak madaniy merosi, go‘zallik va nafosat ramzi hisoblanadi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi xodimasi Laylo G‘aniyeva. – Uning rang-barang naqshlari, badiiy uyg‘unligi va betakror uslubi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda ham e’tirof etilgan. Atlas matosidan tikilgan milliy liboslar bugungi kunda ham ma’naviyatimiz va qadriyatlarimiz timsoli sifatida qadrlanadi.
Ushbu tashabbus nafaqat milliy qadriyatlarni targ‘ib etish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va uni zamonaviy xizmat faoliyati bilan uyg‘unlashtirishga ham xizmat qiladi.
***
Gurlan tumanida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin‑qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan “Eng namunali xotin‑qizlar faoli” ko‘rik‑tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.
Unda tumandagi mahallalarda faoliyat yuritayotgan eng namunali 10 nafar xotin‑qizlar faoli qatnashdi.
Tanlov ishtirokchilari hujjatlar bilan ishlash, slayd va videorolik tayyorlash, turli shartlar bo‘yicha sinovdan o‘tishdi.
[gallery-25449]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni “Dehqon” va “Ziyokor” mahallalarining xotin-qizlar faoli Muhayyo Tursunboyeva egalladi.
G‘olib va faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
***
Xiva shahar Sangar mahallasining Sangar ko‘chasida "O‘zbektelekom" Xorazm filiali Xiva shahar telekommunikatsiya bog‘lamasi tomonidan uzunligi 290 metr bo‘lgan 8 tolali optik Internet kabel liniyasi tortildi.
Mazkur tarmoq aholini sifatli aloqa xizmatlari bilan ta’minlash, mavjud infratuzilmani yaxshilash va zamonaviy Internet telekommunikatsiya tizimlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
A.Shokirov, O‘zA