Mustaqillik bayrami arafasida Urganch shahridagi markaziy dehqon bozori oldida qishloq xo‘jaligi va oziq- ovqat mahsulotlarining bayramoldi savdo yarmarkasi tashkil qilindi.
Unda dehqon va fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan, mahalliy sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan oziq- ovqat mahsulotlari arzon narxlarda aholiga taklif etilmoqda. Shuningdek, bu yerda yangi o‘quv yili oldidan an’anaviy maktab yarmarkasi tashkil qilinib, keng assortimentdagi o‘quvchilar formalari, o‘quv qurollari savdoga chiqarilgan.
[gallery-24926]
Viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov dehqon bozori savdo rastalarini aylanib mahsulotlarning narx-navosi bilan qiziqdi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi faoliyati bilan tanishdi. Har bir tuman uchun ajratilgan savdo pavilonlarini ko‘zdan kechirib, mahsulot turlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Bunday yarmarkalar viloyatning har bir hududida tashkil etilib, xalqimizning bayram dasturxoni yanada to‘kin, fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
***
Qo‘l jangi federatsiyasi Xorazm viloyat bo‘limining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimiz Prezidentining 2022 yil 20 iyunda qabul qilingan “Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi, viloyatda mazkur sport turini yanada ommalashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Qo‘l jangi federatsiyasi viloyat bo‘limining yangi tarkibi tasdiqdandi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov, O‘zbekiston qo‘l jangi federatsiyasi raisining o‘rinbosari Baxtiyor Mirzaqulov ishtirok etdi.
***
Yurtimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, yuqumli kasalliklarning oldini olish va epizootik barqarorlikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Ushbu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Shuxrat Jabborov Xorazm viloyatining Yangiariq, Xiva va Qo‘shko‘pir tumanlarida epizootik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Mahallalaridagi aholi xonadonlarida bo‘lib, chorva mollarining holatini o‘rgandi. Uchrashuvlar davomida aholini qiynayotgan muammolar eshitildi va tegishli tavsiyalar berildi.
***
Xorazm viloyat “Toza hudud" davlat muassasiga maishiy chiqindilarni yig‘ishga mo‘ljallangan "Isuzu" rusumli 12 ta maxsus avtomashina topshirildi.
Foydalanishga topshirilgan texnikalarning har biri kuniga 11 tonna chiqindini yig‘ib olish quvvatiga ega. Mazkur avtotransport vositalari Urganch shahri va Urganch tumanida chiqindilarni olib ketish qamrovini oshiradi hamda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.
Ayni damda viloyatidagi sanitar tozalik bilan shug‘ullanuvchi korxonalardagi maxsus texnikalar soni 296 taga yetdi.
***
"Xavfsiz hudud" tezkor-profilaktik tadbiri oyligi doirasida Xorazm viloyati IIB JXX YHXB Eksplutatsiya montaj bo‘limi xodimlari tomonidan harakat ishtirokchilariga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida barcha shaxar-tuman avtomobil yo‘llariga o‘rnatilishi kerak bo‘lgan joylarga yangi yo‘l belgilari o‘rnatilib, eski yo‘l belgilari yangisiga almashtirilib, piyodalar o‘tish yo‘laklari qaytadan chizilmoqda.
Bu boradagi ishlar viloyat hududi bo‘ylab davom etmoqda.
A.Shokirov, O‘zA