Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
12:24 / 2025-08-15

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Xoazm viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimovning Xiva shahri va tumani tadbirkorlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida tadbirkorlarga moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, biznesni zarur infratuzilma bilan ta’minlash, ichki bozorda sog‘lom raqobat muhitini yaratish, xizmat ko‘rsatish sohasini yanada rivojlantirish va tadbirkorlar faoliyatiga to‘siqlarni kamaytirish kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.

***  

Xorazm viloyat soliq boshqarmasi rahbariyati tomonidan kichik va o‘rta biznesni yanada rivojlantirish, bu borada ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.

Navbatdagi uchrashuv Shovot tumanida bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirkorlar faoliyatida duch kelayotgan dolzarb masalalar muhokama qilinib, takliflari yozib olindi.

Mazkur uchrashuvda kichik va o‘rta biznesni yanada rivojlantirish, bu borada ushbu tarmoq vakillariga berilgan yengilliklar hamda soliq imtiyozlari, shuningdek soliq organlari tomonidan yashirin iqtisodiyotning oldini olish, norasmiy tadbirkorlik faoliyatini ochiqqa olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib, tadbirkorlarga mavjud imtiyozlar to‘g‘risida batafsil tushunchalar berildi.

***

Urganch shahar va tumanida tozalikni ta’minlash, atrof-muhitni yanada obod qilish maqsadida “Dolzarb 20 kunlik” umumxalq tadbiri start oldi.  

Tadbir doirasida Urganch shahriga qo‘shimcha 40 ta maxsus texnika, Urganch tumaniga  20 ta chiqindi tashish texnikasi jalb qilindi.

Shuningdek, Urganch shahrida manzarali va mevali daraxtlar, butalar holatini yaxshilash, ularga kuchli zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xavfli karantin, boshqa turdagi zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish hamda tarqalishining oldini olish yuzasidan  viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi hamda viloyat obodonlashtirish boshqarmalari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi Urganch shahar bo‘limi hamkorligida agrotexnik tadbirlar ham o‘tkazilmoqda.

Tadbirda mahallalar, tashkilotlar va faol fuqarolar ham faol ishtirok etmoqda.

Bu harakatlar hududlarni chiqindilardan tozalash, sanitariya holatini yaxshilash va sog‘lom muhit yaratishga xizmat qiladi.  

***  

Xorazmda sport kurashlari bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston – Olimpiya cho‘qqilari” hududiy bosqichi yakunlandi.

Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida “Yangi O‘zbekiston – Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining sport kurashlari turi bo‘yicha hududiy bosqich bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada yigit va qizlar erkin kurashi, ayollar kurashi hamda yunon-rum kurashi yo‘nalishlarida o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Yakunda esa g‘olib va sovrindor sportchilarga viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Nodira Jumaniyazova hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Xorazm viloyat bo‘limi boshlig‘i Usmon Jumagaldiyev tomonidan  esdalik sovg‘alari topshirildi.  

[gallery-24776]

Musobaqa g‘oliblari nufuzli “Prezident Olimpiadasi”da ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.

A.Shokirov, O‘zA