Qo‘shko‘pir tumanidagi Qorovul mahallasida ichki xo‘jalik yo‘llariga qum-shag‘al aralashmasi yotqizish ishlari amalga oshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov ishtirok etdi. Bu yil tumanda barcha dasturlar doirasida 42 km mumfoydalanuvdagi yo‘llar va 55 km ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash rejalashtirilgan. Shuningdek, mahallada hudud infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida elektr, tabiiy gaz va ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash, ko‘chalarni obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
[gallery-21571]
Tadbir davomida mahalla ahli uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik ham tashkil qilindi.
***
"UzAuto Motors" AJ Xorazm viloyati filialiga umumiy quvvati 2 ming 328 kilovattlik quyosh panellari o‘rnatildi.
Atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan energiya manbalaridan foydalanish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir. 2025 yili mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Shundan kelib chiqib "UzAuto Motors" AJ Xorazm viloyati filialida yirik hajmdagi quyosh panellari o‘rnatilmoqda.
Yangi tizim zavodning energiya samaradorligini oshirish, atrof-muhitga zararli chiqindilarni kamaytirish hamda muqobil energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Quyosh panellari yordamida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning bir qismi qayta tiklanuvchi manba hisobiga qoplanadi.
***
Milliy gvardiya Xorazm viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi tashabbusi bilan Xiva tumanidagi Qoraqum mahallasida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali tashkil etishga qaratilgan tadbir o‘tkazildi.
Tadbir o‘tkazishdan asosiy maqsad aholi, ayniqsa, yoshlarning ijodiy va sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularni salbiy ta’sirlardan himoya qilish, madaniyat va sport orqali yoshlarning fikrlash tarzini rivojlantirishdir.
Tadbir davomida keng qamrovli sport musobaqalari tashkil etildi. Kamondan otish, voleybol, futbol, stol tennisi, shaxmat-shashka va kibersport turlari bo‘yicha yoshlar o‘zlarini sinab ko‘rishdi. Sinovlar yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga va jismoniy tarbiyaga e’tiborni kuchaytirishga xizmat qildi.
Tadbir doirasida milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni namoyish qilishga alohida urg‘u berildi. Milliy raqslar va konsert dasturlari ishtirokchilarga katta xursandchilik bahsh etdi. Ayniqsa, gulxan atrofidagi o‘yinlar barchaning ko‘nglida yorqin taassurotlar qoldirdi. Maxsus tashkil etilgan musobaqalar va madaniy ko‘rgazmalar nafaqat yoshlarga, balki ularning oilalariga xushkayfiyat bag‘ishladi.
***
Xorazm viloyati sudi raisi ishtirokida brifing hamda “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
“Ochiq eshiklar kuni” targ‘ibot tadbirida sud tizimi va huquqni qo‘llash amaliyotidagi islohotlar, “O‘zbekison – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati hamda sud qonunchiligiga oid o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.
Dastlab jurnalist va blogerlar, jamoatchilik faollari hamda talabalar sud organlari faoliyati bilan tanishtirildi. Bunda sud binosida yaratilgan sharoitlar, devonxona, sud arxivi, interaktiv xizmatlar haqida ma’lumot berildi.
Tadbir davomida Xorazm viloyati sudi raisi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari, talabalar ishtirokida brifing ham tashkil etildi.
***
Shovot tumanidagi Qiyot mahallasi aholisi uchun tor soha mutaxassislari ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Malakali shifokorlar tomonidan 267 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik davomida 139 nafar fuqaroga davo choralarini qo‘llash tavsiya qilindi. Mobil poliklinika yordamida 49 ta oftolmologik tekshiruvlar ham amalga oshirildi.
Tuman “Salomatlik markazi” vakillari tomonidan sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha suhbatlar tashkil qilindi.
***
Xorazm viloyat prokuraturasi hamda viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamkorligida o‘tkazgan reyd tadbirlari davomida Gurlan tumanida yashovchi fuqaro A.D. tomonidan suvni muhofaza qilish rejimini buzganlik holati aniqlandi.
Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 72-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 million 125 ming so‘mdan jarima qo‘llanildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri