Mehr-muruvvat ko‘ngilga malham
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, nogironlar jamiyatining viloyat hududiy bo‘limi bilan hamkorlikda nogiron bolalar uchun “Maftunkor ranglar jilosi” nomli tanlov o‘tkazildi.

“Barkamol avlod” bolalar markazida tashkil qilingan mazkur tadbirda jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchi yoshlar o‘zlari chizgan rang tasvir asarlari bilan qatnashdi. Tanlov ishtirokchilari “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan esdalik sovg‘alar va faxriy yorliqlar bilan takdirlandi.
Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning holidan xabar olinib, moddiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Yangi MTT bolajonlarni qabul qilishga tayyor
Xiva shaxridagi 15-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilishiga Maktabgacha ta’lim Vaziri Agreppina Shin bordi.
Xiva shahridagi “Tozabog‘” mahallasidagi sobiq “Zilola” nomli 15-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi eski holatdan yangi ko‘rinishga keltirildi. Buning uchun 7 miliard 394 milion so‘m sarflandi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotiga “Al-Xorazmiy” nomi berildi. 350 nafar bolani qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘lgan maktabgacha ta’lim tashkilotida zamonaviy texnologiyalardan foydalanilgan holda ta’lim jarayoni tashkil etiladi.
Shu kunning o‘zida Xiva shahridagi 16-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining ham ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti 2021 yilda investitsiya dasturi doirasida rekonstruksiya qilindi. 350 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim tashkilotida bugungi kunda 40 dan ortiq tarbiyachi-pedagog faoliyat yuritishi ko‘zlangan. Maktabgacha ta’lim tashkilotini bunyod qilish uchun 7 milliard 311 million so‘m pul ajratilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Xorazm viloyatida bugungi kunda 1 ming 612 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti (351 ta davlat, 74 ta davlat-xususiy sherikchilik, 9 ta xususiy va 1 178 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari) faoliyat olib bormoqda. Viloyatda maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar 152 ming 421 nafarni tashkil etib, shundan, 106 ming 394 nafari yoki 69,8 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan.

Korrupsiya – rivojlanishga to‘siq
DSBda ham “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” mavzusida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat Ma’muriy sudining sudyalari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi mas’ul xodimlari, Urganch shahar 10-son umumta’lim maktabi o‘quvchilari va soliq tizimida ishlayotgan yoshlar ishtirok etdi.
Viloyat bojxona boshqarmasida ham davra suhbati tashkil etildi.
Muloqot davomida mamlakatimizda aholi, tadbirkorlar hamda davlat tashkiloti xodimlariga har tomonlama qulay sharoit yaratib berilayotgani, ammo ba’zi hollarda ayrim fuqarolar o‘z haq-huquqlarini yaxshi bilmasligi tufayli ta’magirlik, poraxo‘rlik, korrupsiya holatlari yuzaga kelayotgani, buning uchun esa, davlat va nodavlat tashkilotlar hamda tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Ayol-fermerlar uchun seminar
Urganch shahrida «Markaziy Osiyo mamlakatlari universitetlarining ekstenshn markazlari mintaqaviy tarmog‘ida tajriba almashinuvi va agrobiznes hamda qishloq xo‘jaligini yuritish amaliyotida ayol-fermerlarni bilim va ko‘nikmalarini yaxshilash» loyihasi doirasida seminar-trening tashkil etildi.
Qishloq xo‘jaligi va agrobiznes amaliyotida ayol fermer, dexqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini malaka va bilimlarini yaxshilash maqsadida tashkil qilingan tadbirda viloyatning 30 dan ziyod fermer xo‘jaliklari ayol rahbarlari qatnashdi.
Seminar-treningda Toshkent Davlat Agrar Untversiteti o‘qituvchi professorlar, O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti mas’ul xodimlarining ma’ruzalari tinglandi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA