Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazm viloyati rahbari aholiga murojaat qildi
11:49 / 2023-01-19

Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Jo‘rabek Rahimov xorazmliklarga morojaat qildi.

Viloyat rahbarining murojaati quyidagicha bo‘ldi:  

Ma’lumki, Xorazm vohasi mamlakatimizning shimoliy mintaqasida  joylashgan bo‘lib, bu xosiyatli va muqaddas zaminda yilning to‘rt fasli o‘zining turli sinovlarini namoyon etib keladi. Tabiat qiyinchiliklari qarshisida  aslo bo‘yin egmagan, matonatli, zahmatkash xalqimiz  qishning izg‘irin sovug‘i va yozning jaziramasiga, bahorning turfa injiqliklari va kuzning o‘zgaruvchan ob-havosiga hamisha dosh berib,  hayot tarzini ushbu muvozanatga moslab yashab kelgan.

So‘nggi kunlarda Respublikamizda, jumladan viloyatimiz hududida havo haroratining keskin pasayib ketishi natijasida elektr energiyasi va tabiiy gazga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. Anomal sovuq tufayli iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlashda muammolar kuzatilmoqda. Bunday noqulay ob-havo sharoitida qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha  ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususida aholini xabardor qilish, bu boradagi ishlar natijadorligini ta’minlash viloyat rahbari sifatida zimmamdagi eng muhim vazifa ekanini chuqur anglagan holda siz aziz eldoshlarimizga murojaat qilmoqdaman.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda hozirgi murakkab sharoitda mavjud resurslarni adolatli taqsimlab, muammoli mahallalarga zudlik bilan yordam ko‘rsatish, murojaatlarni tezkorlik bilan hal etish vazifasi topshirildi.  

Hududlardagi vaziyatni tahlil qilish, tezkor axborot almashinuvini ta’minlash va energiya ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf qilish maqsadida viloyatda, shahar va tumanlarda maxsus shtablar tashkil qilinib, tunu-kun faoliyat olib bormoqda. Har kun ertalab soat 8.00 da va kechqurun soat 20.00 joylardagi vaziyat muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilanmoqda. Qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida viloyat bo‘yicha  mahalliy hokimliklar, huquqni muhofaza qilish, kommunal soha, o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining rahbar va mutaxassislaridan  iborat 2200 nafardan ziyod xodim jalb qilingan.

Hozirgi sharoitda birinchi navbatda tabiiy gazni  aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazib berish maqsadida  556 ta ulgurji iste’molchiga gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatildi. Avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobchalari faoliyatiga ham vaqtincha cheklov qo‘yilib, faqat tez tibbiy yordam, elektr, gaz, suv va issiqlik ta’minoti korxonalarining avariya-qutqaruv uchun mo‘ljallangan maxsus mashinalari hamda jamoat transportiga belgilangan shoxobchalarda qat’iy jadval asosida gaz to‘ldirish yo‘lga qo‘yilgan. Aholining transport vositalari harakatini ta’minlash maqsadida viloyatdagi  avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali savdoga chiqarilayotgan AI-80 markali benzin hajmi qariyb 3 barobar ko‘paytirildi. Aholi shaxsiy transport vositalari uchun siqilgan gaz yetkazib berish vaqtincha cheklanganini inobatga olib,  yo‘nalishga chiqayotgan jamoat transporti soni oshirildi,  viloyatning bir nechta hududlarida qo‘shimcha yo‘nalishlarda qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

Tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hududlarni suyultirilgan gaz va ko‘mir bilan ta’minlash bo‘yicha viloyatga yana qo‘shimcha resurslar jalb etildi. Shahar va tumanlardagi 11 ta ko‘mir tarqatish shoxobchalarida yetarli miqdorda ko‘mir zaxirasi mavjud bo‘lib, kundalik ko‘mir mahsuloti temir yo‘l orqali yetib kelyapti. Viloyatdagi 333 ta ko‘p qavatli uy va 166 ta ijtimoiy soha ob’ektiga issiqlik energiyasi yetkazib berayotgan  94 ta qozonxona to‘liq ishlatilyapti va yetarli yoqilg‘i  bilan ta’minlangan.

Aziz  eldoshlar! Yana shuni ta’kidlamoqchimanki, hurmatli Prezidentimizning topshirig‘iga ko‘ra sovuq kunlarda birorta xonadon qarzdorlik uchun elektr va tabiiy gaz tarmog‘idan uzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan ijtimoiy og‘ir ahvolda qolgan oilalar bepul ko‘mir, oziq-ovqat, issiq kiyim bosh bilan ta’minlanadi. Joylarda ehtiyojmand oilalar uchun bepul issiq ovqatlar tayyorlab tarqatilmoqda. Dehqon bozorlarida sotuvchi va xaridorlar uchun qulay sharoit yaratish,  oziq-ovqat mahsulotlarini sovuq ta’siridan saqlash maqsadida savdo rastalari maxsus vositalar bilan vaqtincha izg‘irindan himoyalanmoqda.  Narx-navoning oshib ketishining oldini olish maqsadida shaharlarda va tuman markazlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil qilindi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ta’lim sohasidagi vakolatlariga asoslanib, viloyat hududida sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotgani tufayli barcha maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida qishki ta’til 2023 yil 23 yanvarga qadar uzaytirildi. Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad, noqulay ob-havo sharoitida  yosh avlod salomatligini muhofaza qilishdan iborat.

Hurmatli iste’molchilar!

Tabiiy gaz tanqisligi kuzatilayotgan shu kunlarda fuqarolar xonadonlarni isitish uchun elektr qurilmalaridan keng foydalanmoqdalar. Isitish qurilmalaridan foydalanishda yong‘in va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni, ortiqcha elektr jihozlari va chiroqlarni o‘chirib qo‘yishingizni so‘raymiz. Bu transformatorlarga ortiqcha yuklama tushishining oldini olish, energiya resurslarining  chekka hududlarga ham yetib borishiga xizmat qiladi. Shuningdek, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga guvoh bo‘lsangiz zudlik bilan 1154, 1104, 105 telefon raqamlari orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz.

Aziz eldoshlar!

Keksa avlod vakillari o‘zlarining hayot tajribalarida bunday tabiat qiyinchiliklari ko‘p bor ko‘rib, sinovlarni mardonavor yengib o‘tishgan. Bundan ikki yil muqaddam pandemiya tufayli vujudga kelgan o‘ta murakkab sharoitda ham xalqimiz davlatimiz rahbari atrofiga jipslashib halokatli vaziyatdan sog‘-omon chiqib oldi. Ishonamanki, anomal sovuq tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklarni eldoshlarimizning ona Vatanga bo‘lgan qaynoq mehru-muhabbati, yurtga sadoqati bilan hamjihatlikda yengib o‘tamiz. Barchangizga mustahkam salomatlik, xonadoningizga fayzu-baraka tilayman.  

Jo‘rabek Rahimov,

Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi.

O‘zA