Xorazm viloyati paxta yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy rejasini bajardi
Joriy yilda viloyatda 1 ming 502 ta xo‘jalikning 70 ming gektar maydoniga chigit ekilib, 304,5 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.
Bugungi kunga 308 ming 485 tonna yoki rejaga nisbatan 101,3 foiz hosil yig‘ishtirib olindi. O‘rtacha hosildorlik gektaridan 45 sentnerni tashkil qilmoqda.

Bu yil mavsumda hosilni yig‘ishtirib olish uchun 128 ta zamonaviy paxta terish mashinasi 120 ming nafar ko‘ngilli terimchilar jalb qilindi.
Hosilning dalalarda qolgan qismini ham tez kunda yig‘ishtirib olish choralari ko‘rilmoqda.
Viloyatda paxta yetishtirishga ilmiy asosda yondashib, yangi agrotexnologiyalar keng joriy etilayotgani, istiqbolli g‘o‘za navlariga e’tibor qaratilayotgani erishilgan yutuqlarning asosiy omili bo‘ldi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA