Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazm viloyat prokuraturasida virtual tergov poligoni tashkil etildi
13:22 / 2025-11-12

Tergovchilarining kasb mahorati va malakasini oshirish, yosh mutaxassislarning tergov sohasidagi bilim hamda ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan kriminalistika xonasi zamonaviy texnikalar bilan ta’minlangan.

 “Tergov poligoni”da o‘rnatilgan dasturiy ta’minot istalgan hodisa joyining modelini yaratish imkoniyatiga ega bo‘lib, tergovchi yoki surishtiruvchi virtual tarzda hodisa sodir bo‘lgan joyni ilmiy va nazariy asoslangan holda ko‘zdan kechirishi mumkin. Bu esa amaliyotda yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan xatolarni bartaraf etish ustida ishlash imkoniyatini beradi.

“Tergov poligoni” ochilishi marosimida prokuratura organlarida ko‘p yillar xizmat qilgan faxriylar, viloyat prokuraturasi xodimlari ishtirok etdi. 

—Biz kabi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan talab etiladigan muhim vazifa kasbiy mahoratimizni muntazam oshirib borishmiz, kadrlarni tayyorlashda eng yangi yondashuvlarga, innovatsiyalarga asoslangan holda shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon va shart-sharoitlarga mos bo‘lishimizdir, — deydi viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Nodirbek Ro‘ziboyev. – Poligon kriminalistika, ballistika, amaliy mashg‘ulotlar, turli jinoyatlar bo‘yicha simulyatsion vaziyatlar hamda ruhiy zo‘riqishlarni yechish xonalarini o‘z ichiga oladi.  

[gallery-26200]

Ular zamonaviy kriminalistika vositalari, turli jangovar qurollar hamda portlovchi moddalarning maketlari, ularning texnik tavsifi aks ettirilgan ko‘rgazmalar bilan jihozlangan bo‘lib, bu tergovchilarga qulay shart - sharoit yaratib berish bilan birga, o‘z bilimlarini mustahkamlagan holda jinoyatlarni o‘z vaqtida ochishlariga yordam beradi. Bular tergovchilarning nafaqat jinoyatlarni tergov qilishda, balki jangovar qurollar bilan sodir etilgan qotillik va boshqa jinoyatlarni fosh etishda asqatadi. 

“Tergov poligoni”da tergovchilarning real voqeliklarga asosan tergov tajribalarini oshirish maqsadida jinoyatlarning simulyatsion vaziyatlari aks ettirilgan xonalar ham tashkil etilgan. Bunda tergovchilar poraxo‘rlik, jinsiy tajovuz, turli usullardagi qotillik hamda yo‘l transport hodisasi kabi jinoyatlar aks ettirilgan simulyatsion vaziyatlar bilan tanishib, kelgusida ushbu turdagi jinoyatlarni tergov qilishda kerak bo‘ladigan tajribaga ega bo‘ladilar. Shuningdek, xodimlar ruhiyatiga ta’sir etuvchi og‘ir jinoyatlarni tergov qilishda ularning emotsional holatini yaxshilash, zo‘riqishlarning oldini olish uchun maxsus xonalar mavjud.

Innovatsion dasturning yana bir afzallik jihati shundaki, u nafaqat tergov, balki jinoyat qidiruv va ekspert-kriminalistika xodimlarining ham malakasini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini boyitish uchun xizmat qiladi.

Sohada yaratilgan mazkur virtual poligon tizimda xizmat qiluvchi xodimlarning innovatsion yondashuv asosida kasb mahoratini oshirishda yangi bosqich bo‘ldi.

Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA