French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xorazm: iqtisodiy rivojlanish yo‘li nafaqat sarmoya, balki samarali dastur va qarorlar bilan ham belgilab berilmoqda
12:29 / 2023-04-04

Tahlil

Joriy yil 31 mart kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivoji, jumladan, bunyodkorlik, sanoat, investitsiya, transport va turizm sohalaridagi islohotlarining samarasi bilan tanishish, aholi turmush tarzini yaqindan o‘rganish hamda yechim topmayotgan mavjud muammolarni hal qilish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Xususan, Urganch shahrida Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida qatnashdi.  

Mazkur sessiyada davlatimiz rahbari ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga to‘xtalar ekan, o‘tgan 6 yilda hududda maktabgacha ta’lim qamrovi 22 foizdan 79 foizga ortgani, 131 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilganini qayd etib o‘tdi.  Zero, mamlakat rivojida ta’limning o‘rni beqiyos. Boisi ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga katta e’tibor qaratilib, byudjet sarmoyasining sezilarli ulishi ajratib kelinmoqda.  

Ma’lumki, davlatimiz tomonidan og‘ir hudud ekanligi hisobga olinib –  Qoraqalpog‘iston va Xorazmda o‘quvchilarni bepul ovqatlanish uchun byudjetdan sarmoyalar ajratilib, ularning sifatli ta’lim olishi uchun yo‘naltirilgan.  

bugungi kunda olis va uzoq maskanlarda yashaydigan aholi uchun turli sohalarda imtiyozlar berilmoqda, aytaylik, ichimlik suvi ta’minoti bosqichli takomillashtirilmoqda. Sessiyada Xorazm viloyati ichimlik suvi tanqis bo‘lgan hududlardan sanalib, bugungi kunda 580 ming aholiga markazlashgan tizim orqali ichimlik suvi yetkazib berilgani qayd etildi.  

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tashrifi davomida ko‘proq aholini, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash masalalariga e’tibor qaratdi.  

Darhaqiqat, aholi bandligini ta’minlash degan so‘z oddiy eshitilishi mumkin. Lekin uning zamirida minglab odamlar taqdiri, oilalar tirikchiligi yotibdi. Ana shu muammolarni ilg‘ash, uning yechimlariga sarmoya yo‘naltirish bu katta insoniylik, qadr-qimmat tushunchalarini anglatadi. “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Xorazmga yanada ko‘proq investitsiyalar kiritish, mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirish, aholini ish bilan bandligini ta’minlash borasida aniq ko‘rsatmalar berdi. Kambag‘allikni qisqartirishga oid muammolarga yechim sifatida oilaviy biznes, tadbirkorlik va sanoat tarmoqlarini institutsional rivojlantirish, xorijiy savdo-iqtisodiy sheriklar bilan integratsiyalashtirish borasida fikrlarni ilgari surdi.  

Jadal sur’atda tuzilgan bunday chora-tadbirlar hududlarda byudjet, soliq, pul kredit, narx-navo barqarorligini saqlash, eksport, qolaversa, qishloq xo‘jaligi sohasini diversifikatsiya qilish, unda intensiv texnologiyalarni samarali qo‘llash kabi makroiqtisodiy omillarga innovatsion yondashuvni taqozo qiladi.  

Tashrif doirasida Prezidentimiz Xorazm viloyatidagi “Yangibozor tekstil agroklaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatining to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.  

Xususan, yaqinda umumiy qiymati 13 milliard so‘mdan ziyod kapitalni o‘z ichiga olgan va ishga tushirilgan loyihani borib ko‘rdi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur loyiha yiliga 5 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ushbu korxona mahsulotlarining 65 foizi eksport uchun ishlab chiqarilib, ayni paytda 500 nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlangan. Ayta olamizki,  shuncha oilalarga farovonlik va tadbirkorlik tushunchalari kirib borgani o‘z hosilini beradigan yutuqlardan.  

Prezidentimiz ishtirokida 6 ta korxonaning ilk ish faoliyatiga start berildi. Yangi korxonalar faol ish boshlashi hududda amalga oshrilayotgan islohotlardan bir shingil. bugungi kunda umumiy hisobda Xorazm viloyatida  qiymati 9 trillion 3 milliard so‘mlik 685 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 14 ming 909 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi. Qo‘yilgan talablarga nisbatan bu kam, ammo natijalar yaxshi, hali qarorlar bilan tasdiqlangan 2026 yilgacha tatbiq qilinishi lozim bo‘lgan katta-katta loyihalar ko‘p, aniq chora-tadbirlar ustida qizg‘in ishlar ketmoqda.  

Xorazm viloyati sanoat mahsulotlari 2016 yilda 3 trillion so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yil sarhisobida tumanlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab berilgan.  

Bu borada sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini hudud sharoitidan kelib chiqib rivojlantirish, investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlash va ular ijrosi har oy muhokama qilinmoqda. Natijada hujjatlar ijrosi aholi hayotida amaliy bo‘y ko‘rsatmoqda.  

Xalqimiz orzu-havasli xalq, uning intilishlarida doimo Vatan, oila, mahalla va boshpana tushunchalari muqaddas sanalgan. Azaldan o‘g‘il-qizi voyaga yetsa, avvalo, ularga uy-joy qurib, keyin unashtirish tadorigi ko‘riladi.  

Shu bois bugungi kunda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlari aniq yo‘l xaritalari asosida tez sur’atlarda olib borilmoqda. Jumladan, oxirgi besh yilda 9 ming 500 ta xonadonli uylar foydalanishga topshirildi. Bugun ushbu xonadonlarda ertamiz egalari bo‘lgan baxtli avlod yashamoqda. Ular qulay sharoitlar, sport o‘yingohlari, shinam va yaqin maktabgacha ta’lim muassasalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qib voyaga yetmoqda. Ana shunday fayzli maskanlardan biri Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi boshlangani yuzlab yangi uylar bunyod etilishini ko‘rsatadi. Albatta, bu xonadonlar minglab oilalar baxtli turmush kechirishiga manzil  bo‘ladi.  

Davlatimiz rahbari Xorazmga tashrif chog‘ida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalariga shaxsan o‘zi ajratgan 1,5 milliard dollarlik 7 mingta loyiha ishga tushganining guvohi bo‘ldi. Mazkur loyihalar ishlab chiqarishga yo‘naltirilishi barobarida yaqinda 50 ming nafar yoshga doimiy ish o‘rinlari yaratilib, 19 mingta oila kambag‘allikdan chiqarilishi ma’lum qilindi.  

bugungi kunda olib borilayotgan xalqchil sa’y-harakatlar natijasida viloyatda sanoat ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravarga oshdi, eksport 190 million dollarni tashkil etdi. Sanoat o‘sib, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, oziq-ovqat, elektrotexnika va qurilish materiallari ishlab chiqarish 2 baravarga o‘sgani ta’kidlandi.  

Davlatimiz rahbari viloyatda oldingiga nisbatan erishilgan sanoat yutuqlari bilan birga, iqtisodiy va tabiiy resurslar ko‘p bo‘lgan hududda ayrim zalvorli ijtimoiy muammolar bartaraf etilmay kelinayotgani, bu masalalar yechim topishi kerakligini tanqidiy baholab, xalqni rozi qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.  

Sessiyada viloyat mutasaddilarining tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha rejalari ma’qullandi. Davlatimiz rahbari tomonidan viloyatda ish bilan bandlik va oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun yo‘naltirilgan 940 milliard so‘mga qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratildi. Bunday sanoatni quvvatlovchi mablag‘lar natijasi o‘laroq, yaratilayotgan tadbirkorlik sub’ektlari hisobiga 57 ming, kasanachilikda salohiyati bor 240 ta mahallada mehnat qurollari va joy masalasi hal etilib, 50 ming, o‘zini-o‘zi band qilish orqali 28 ming aholi bandligi ta’minlanadi.  

bugungi globallashuv sharoitida har bir hudud uchun muhim bo‘lgan bir masala borki, bu oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdir. Buning uchun qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik va boshqa agrar soha imkoniyatlaridan samarali foydalanish, tomorqa imkoniyatlarini takomillashtirish zarur. Bu yo‘nalishda ayni paytda “Toshsoqa tizimidagi magistral sug‘orish kanalini tiklash” loyihasining ikkinchi bosqichi hayotga tatbiq qilindi.  

Shuningdek, aholi farovonligini oshirish maqsadida Bog‘ot, Shovot va Yangibozor tumanlaridagi qo‘shimcha 2 ming gektar yerda uzum, olma va qovun plantatsiyalari yaratilib, lizing asosida tadbirkorlarga tarqatishga topshiriq berildi.  Gurlan va Bog‘otda agrologistika markazlari tashkil qilish uchun 5 million dollar, chorvachilikka ixtisoslashgan 53 ta mahalla hududida sut qabul qiluvchi punktlarni ishga tushirish uchun 30 milliard ajratish uchun ko‘rsatmalar berildi.  

Sanoat loyihalariga qo‘shimcha 100 milliard so‘m yo‘naltirish, Urganchda elektrotexnika va farmatsevtika sanoat parklari tashkil qilish chora-tadbirlari belgilab olindi.  

Davlatimiz rahbari tomonidan hududni industrial jihatdan yanada rivojlantirish uchun 20 million dollar investitsiya evaziga “Damas” va “Labo” avtomashinalari ishlab chiqarish hajmini oshirib, 300 ta yangi ish o‘rni yaratilishi bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Viloyatda olib borilayotgan samarali ishlar natijasida 2022 yilda 13 trillion 136,2 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘sish suratlari 115,9 foizga oshgan, viloyatning respublikadagi ulushi 3,4 foizni, ya’ni  9-o‘rinni tashkil etgani quvonarli. Aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmi 6,8 million so‘mni (7-o‘rin), o‘sish suratlari 114 foizni tashkil qiladi.  

Sessiyada Xorazmda ijtimoiy muammolarni hal qilishga bu yilgi davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 1,5 trillion so‘mga qo‘shimcha 400 milliard so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Agrar soha va tadbirkorlik loyihalariga, ichimlik suvi uchun qo‘shimcha 475 million dollar jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.  

Muxtasar qilib aytganda, davlatimiz rahbarining mazkur ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga qaratilgan tashrifi munosabati bilan Xorazm viloyatida sanoat rivojlanishini ta’minlovchi quyidagi yo‘nalishlarni yanada rivoj-lantirishni taklif etish mumkin.  

– Hududda mavjud korxonalarda innovatsion salohiyatni raqamlashtirgan holda yanada takomillashtirish, ilm-fan va yuqori texnologiyalar asosida yangi korxonalar tashkil etish, import mahsulotlari bilan raqobatlasha oladigan mahsulotlar ishlab chiqarish va yangidan yangi brendlar yaratish zarur.  

–Sanoatda xususiy tarmoq va kichik biznes, tadbirkorlik ulushini oshirish va qishloq xo‘jaligi sohasini diversifikatsiya qilish, ichki zaxira hamda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanishni jadallashtirish dolzarbdir. Bu jarayonni sifatli amalga oshirish uchun xalqaro tajribalardan kelib chiqish, mamlakatimizdagi 200ga yaqin OTMlar bilan hamkorlik o‘rnatish, ularda tahsil olayotgan malakali kadrlarni jalab qilgan holda samarali investitsiyaviy loyihalarni tashkil qilish lozim.  

–Xorazm viloyati sanoatini rivojlantirishda qurilish industriyasini rivojlantirish, sanoat sohasini qo‘llab-quvvatlash uchun bank kreditlari va investitsiyalar ta’sirchanligi va qo‘shma korxonalar sonini oshirish, ularning ulushini ko‘paytirish maqsadga muvofiqdir.  

Tadbirkorlikni izchil qo‘llab-quvvatlash uchun mahalliy xom ashyoni qayta ishlash, ishlab chiqarilgan tovarlarning eksport ko‘lamini kengaytirish va kichik korxonalar mahsulotlarini eksportga yo‘naltirishni texnologiyalar yordamida amalga oshirish muhim sanaladi.  

Yana bir tabiiy omil, ulkan “Ochiq osmon ostidagi muzey”da turizm infratuzilmalarini modernizatsiya qilish, yuzlab qadamjolarni ta’mirlash, yo‘qolib ketganlarini qaytadan bunyod etish va ularni global tarmoq ro‘yxatidan o‘tkazgan holda 12 ta tilda faol targ‘ibotlarini olib borish ayni muddao. Bu orqali butun dunyo turistlarini faol jalb etish dasturlarini samarali qo‘llash, natijada minglab ish o‘rinlari yaratish maqsadga muvofiqdir.  

Hududda o‘tgan 6 yilda misli ko‘rilmagan yangilanish va bunyodkorlik ishlari olib borilarkan, salmoqli investitsiyalar kiritildi, davlat sarmoyalari sarflandi. 

Bunday uzoqni o‘ylab amalga oshirilayotgan dasturlar, ulkan ijtimoiy-iqtisodiy, bunyodkorlikka oid islohotlar industrial jozibador hududga aylanib borayotgan Xorazm viloyatining iqtisodiy barqarorligi va aholi turmush tarzini bundan-da yaxshilashga xizmat qiladi.  

Sherzod QURBONOV,  

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xodimi  

O‘zA