Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xonrabot obod go‘shaga aylandi
23:22 / 2023-12-07

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Xonrabot mahallasida qariyb 2 oydan ortiq vaqt mobaynida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari asosida bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Natijada mahalla obod va ko‘rkam hududga aylandi.

Barcha qulayliklarga ega mahalla binosining foydalanishga topshirilishi esa Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 31 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.  

Bugungi kunda mahallada 707 ta oilada 3377 nafar aholi istiqomat qilmoqda. O‘tgan davr mobaynida dastur doirasida 4,4 km yo‘l asfaltlanib, qariyb 7,8 km uzunlikdagi yo‘lga shag‘al to‘kildi va 900 kvadrat metr piyodalar yo‘lagi qurildi.

Mahallada yog‘in-sochinli va shamolli kunlarda elektr simlari tortilgan tayanchlarning eskirganligi bois, tez-tez uzilishlar yuz berar, aholi bir necha kun davomida elektrsiz qolib ketar edi. Shu va boshqa muammolarni bartaraf etish, elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 300 ta temir- beton tayanch o‘rnatilib, 13,3 km tarmoq yangilandi, 14 ta transformator ta’mirlanib, 2 tasi yangidan qurildi.

Hududda 24,8 km ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, mahalla aholisi to‘liq  ichimlik  suvi  bilan  ta’minlandi.  

– Mamlakatimizni barqaror rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish, ularning bugungi yashayotgan kunidan rozi bo‘lib, ertangi kunga ishonch bilan yashashini ta’minlashda mahallaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda, – deydi mahalla raisi Iskandar Egamov. – Dastlab tasdiqlangan “Yo‘l xarita”siga ko‘ra, mahalladagi ko‘chalarning holati hamda infratuzilmasini o‘rganish maqsadida Ishchi guruhlar tashkil etildi. Ular tomonidan mahallamiz hududidagi oltita ko‘chaning holati o‘rganildi, aholimiz xatlovdan o‘tkazilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Birinchi navbatda aholining bandligini ta’minlashga e’tibor qaratildi. Natijada 90 nafar fuqaromizning bandligiga ko‘maklashildi, 18 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi. Tadbirkorlik va o‘zini-o‘zi band qilish maqsadida faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz 18 nafar fuqaroga 406 million so‘mlik asbob-uskuna va mehnat qurollari kredit va subsidiya asosida olib berildi.  

[gallery-14958]

Mahallada o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar doirasida 3377 nafar aholi qamrab olindi. Ularning 124 nafarida turli kasalliklar aniqlanib, 24 nafariga viloyat va tuman miqyosida davolanishi uchun yo‘llanmalar ajratildi. 520 nafar bemorga bepul dori-darmon tarqatildi. 3 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi taqdim qilindi.  

“Ayollar daftari” ro‘yxatidagi 27 nafar xotin-qizga jami 16,2, “Yoshlar daftari” ro‘yxatidagi 9 nafar yoshga jami 55 million so‘mlik yordam berildi.

Dastur doirasida 250 million so‘m mablag‘ evaziga mahalla idorasi binosi joriy ta’mirlandi. 120 million so‘m mablag‘ sarflanib, “Uch avlod maskani” qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, sun’iy qoplamali mini futbol, stritbol va varkaut maydonchasi bugun yoshlar ixtiyorida. Ular endi har kuni muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishi mumkin.  

Mahalla guzari ochilish marosimida viloyat hokimi, keng jamoatchilik vakillari va mahalla ahli ishtirok etdi.  

Tadbirda mahalla kutubxonasiga turli nomdagi kitoblar jamlanmasi topshirilib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida o‘tkazilgan sport musobaqalari g‘oliblari hamda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan bir guruh xonrabotliklar taqdirlandi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri