French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xonqalik tadbirkor Ispan echkilari sutidan mahsulot ishlab chiqarmoqda
18:45 / 2025-05-31

2025 yilning yanvar -aprel oylari davomida Xorazm viloyatida barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan qariyb 300 ming tonna sut ishlab chiqarilgan bo‘lib, shundan 34 ming tonna sut mahsulotlari Xonqa tumani hissasiga to‘g‘ri keladi. Chunki, mazkur tumanda qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri choravchilik ham anchayin rivojlangan.

Hududdagi birgina “Xonqa chorva kapital” ko‘p tarmoqli mas’uliyati cheklangan jamiyati ham bunga misol bo‘la oladi. Korxona o‘tgan yili sut mahsulotlari ishlab chiqarib, 8 milliard sof foyda olgan.

Mamlakatimizda tadbirkorlar hamda mazkur sohaning qo‘llab-quvvatlanishi tufayli ushbu xo‘jalikda ming bosh naslli qoramol hamda Ispaniyadan keltirilgan 300 boshga yaqin zotdor echkilar boqilyapti.

Bugungi kunda 600 bosh sog‘in sigirlarning har biridan 25 litrdan sut olinmoqda. Sutdan turli xil mahsulotlar tayyorlashga ixtisoslashgan sexda esa kuniga 10 tonna sutni qayta ishlash imkoniyati yaratilgan.  

–Bugun bu yerda 20 xil mahsulot ishlab chiqarilmoqda, – deydi tadbirkor Farruxbek Qalandarov. Korxonamizda 214 nafar ishchi- xodimlar faoliyat olib boradi. Ispaniyadan keltirilgan echki sutidan sut mahsulotlari ishlab chiqarish tajribasi hozirgacha Xorazm tarixida bo‘lmagan. Dastavval olib kelingan echkilar ayni damda o‘zidan ko‘paymoqda. Hozirda barcha mahsulotlarimiz faqat ichki bozorga chiqarilmoqda. Keyingi yildan boshlab Rossiya davlati bilan shartnoma qilib eksportni yo‘lga qo‘yamiz. Bu ishlarning barchasini davlatimiz rahbarining yosh tadbirkorlarga bergan imkoniyatlaridan keng foydalanib amalga oshirmoqdamiz.  

Gidroponika usulida bug‘doyni maysa holatiga keltirib chorvani oziqlantirish juda yaxshi samara berar ekan. Ayniqsa, bu sog‘in sigirlar parvarishi uchun ayni muddao. Shu bois mana bir necha yildirki, xo‘jalik tomonidan ushbu usul faol qo‘llanilyapti.

Bundan tashqari tadbirkor tomonidan qadoqlangan suv ishlab chiqarish faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu sexda ish 2 smenada tashkil etilgan. 30 nafar fuqaro, ayniqsa, yoshlar doimiy band. Soatiga 2000 litr boyitilgan ichimlik suvi turli o‘lchamdagi idishlarga qadoqlanadi.  

Endilikda tadbirkorning yana qator istiqbolli rejalari bor. 800 ming dollarlik 2 ta loyihani amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar olib borilyapti. Natijada yana qo‘shimcha ishchi o‘rinlari, nafaqat mahalliy aholi iste’moli uchun, balki eksportbop mahsulotlar ishlab chigarish ko‘lami ham kengayadi. Bu o‘z navbatida hudud iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa bo‘lib qo‘ shiladi.

Ahmadjon Shokirov,  

Behzod Saidov(surat, video),

O‘zA muxbirlari