Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xonobodda yana jahon pahlavonlari jam bo‘ldi
14:46 / 2025-08-14

Andijon viloyatining so‘lim Xonobod shahrida "ETNO STRONGMAN GAMES" – Bahodirlar o‘yini bo‘yicha jahon kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami, qolaversa, 15-17 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan "Dunyo sadolari" III xalqaro milliy estrada san’ati festivali oldidan o‘tkazilgan jahon kubogi musobaqasi yurtdoshlarimizga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi.  

Andijon viloyati hokimi –  Osiyo Bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish federatsiyasi prezidenti Shuhratbek Abdurahmonov tashabbusi bilan yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda yurtimiz, shuningdek, Misr, Kolumbiya, Baxrayn, Hindiston, Ispaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Polsha, Ozarbayjon, Belarus singari jahonning 20 ga yaqin davlatlaridan kelgan sportchilar ishtirok etib, belgilangan shartlar bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

–Xonobod shahrida o‘tkazilgan ushbu yirik musobaqa nafaqat Xonobod, balki yurtimiz nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi, – deydi tosh ko‘tarish bo‘yicha jahon chempioni, faxriy sportchi, musobaqa hakamlar hay’ati a’zosi Muhtarama Aliyeva. – Qolaversa, musobaqa xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami – Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkazilayotganligi yurtdoshlarimizga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.  

Ikki yo‘nalishda ikki kun davom etgan jahon kubogi bellashuvlari qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. Polvonlar 120 kilogramli toshlarni 40 metr masofaga ko‘tarish, yuklar solingan aravani, shuningdek, 400 kilogram og‘irlikdagi maxsus jihozni ko‘tarish, uzoq masofaga olib borish singari qator murakkab mashqlarni tez va belgilangan shartlar asosida bajarish bo‘yicha o‘z imkoniyat va mahoratlarini namoyish etdi.  

Bahodirlarning chiqishlari latviyalik xalqaro toifadagi hakam Vladislav Redkin boshchiligidagi nufuzli hakamlar tomonidan baholab borildi.

Jahon kubogi musobaqasining yakuniy natijalariga ko‘ra, 95 kilogramgacha yoshlar o‘rtasida 1- va 2- o‘rinlar yurtdoshlarimiz Nuriddin Ergashev,  Sherzod Rajabovga nasib etdi, 3- o‘rinni qozog‘istonlik Murtazay Baglan qo‘lga kiritdi.  

Og‘irligi 125 kilogramgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida ham yurtdoshlarimiz Shodilbek Ergashev va Elerbek Hamidov 1- va 2- o‘rinlarni egalladi. 3- o‘ringa esa belaruslik Vlad Ilyushits sazovor bo‘ldi.

Vazn toifasi 125 kilogramgacha katta yoshdagi ishtirokchilar o‘rtasida 1- o‘rin rosssiyalik David Shameyga, 2- o‘rin yurtdoshimiz Dilmurod Qurbonovga, 3- o‘rin hindistonlik Salax Krishnaga nasib etdi.  

Vazn toifasi 125 kilogramdan yuqori katta yoshdagi ishtirokchilar o‘rtasida 1- o‘rinni rossiyalik David Shamey, 2- o‘rinni polshalik Marek Chaykovskiy, 3- o‘rinni gruziyalik Chebuxa Chigladze qo‘lga kiritdi. 

Jahon kubogi musobaqasining g‘olib va sovrindorlari kubok, tegishli medal hamda turli miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari