Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xonobodda navro‘z shodiyonalari
11:50 / 2023-03-21

Xonobod shahrida “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida andijonliklar Navro‘z bayramini katta shodiyona bilan nishonladi.

Erta tongdan yangragan karnay-surnay sadolari, Dehqon bobo, Navro‘zoy va milliy libosdagi jarchilar barchani Navro‘zi olam bilan muborakbod etib, bayram shodiyonalariga chorladi.

Xonobod shahrining madaniyat va istiroxat bog‘i, Xontog‘ adirliklarida viloyatning har bir tuman, shahar, boshqarma, korxona va tashkilotlari, muassasa va mahallalari tomonidan o‘ziga xos maydon va saxnalar tayyorlanib, bayramona, bahoriy tarzda bezatildi. 

Keng jamoatchilik vakillari, faxriylar, yurtimizning turli viloyatlaridan kelgan mehmonlar, sayyohlar ishtirok etgan bayram sayli barchaga xush kayfiyat ulashdi. 

Bayram tadbirini Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov  tabrik so‘zi bilan ochdi. Barchani xalqimizning qadim va navqiron bayrami – Naro‘zi olam bilan muborakbod etdi. 

-  Ona Vatanni sevish va ardoqlash, hayot gultoji bo‘lmish insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z xalqimizning eng qadimiy bayramidir, - dedi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. – Asrlar davomida el-yurtimizning olijanob orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navro‘z mustaqillik yillarida yangicha ma’no-mazmunga ega bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi. Shuning uchun ham ushbu qutlug‘ ayyomni har bir xonadon, har bir oila eng katta orzu-niyatlar bilan kutib olmoqda.

Bahoriy taomlar, milliy va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, teatr jamoalari, turli ansambllar, dorbozlar, askiyachilar, sportchilar, jajji bolajonlarning chiqishlari bayram tantanalariga o‘zgacha fayz kiritdi.

Xontog‘ tog‘i etagida joylashgan so‘lim Xonobod shahrida o‘tkazilgan bu yilgi Navro‘z bayrami xalq sayli tarzida yanada shukuhli, milliy qadriyatlarimiz aks etgan holda o‘tkazilmoqda. Xalq o‘yinlari, folklor san’atining eng yaxshi namunalari, sho‘x qo‘shiq va laparlar bahorni, Navro‘zni sog‘ingan dillarga xushnudlik baxsh etdi.

Dengiz satxidan 750-800 metr balandlikda, Qoradaryoning o‘ng sohilida joylashgan Xonobod shahri o‘zining ko‘rkam manzarasi, tabiatining go‘zalligi, toza havosi bilan sayyohlarning diqqatini o‘ziga jalb qila oladigan yurtimizning eng obod hududlaridan biridir. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga avvalgi yillardagi tashrifi davomida ichki turizmni rivojlantirish, xususan, Xonobod shahrini Farg‘ona vodiysining  turizm markaziga aylantirish taklifini ilgari surib, bu borada qilinishi zarur ishlar yuzasidan vazifalar belgilab bergan edi. 

– Davlatimiz rahbarining topshiriq va tashabbuslari bugun hayotda o‘z ifodasini topmoqda, – deydi Xonobod shahar hokimi Mash’albek Tojiboyev – O‘tgan davr mobaynida shaharda ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.  Jumladan, “Xonobod” sihatgohi ishga tushdi. Shaharning eng yuqori nuqtasi – Xontog‘da yangi charxpalak o‘rnatildi, bir kilometrlik osma yo‘l (kanatnыy doroga) rekonstruksiya qilinib, yangicha qiyofa kasb etdi. Shuningdek, 3 ming nafar sayyohga mo‘ljallangan 1 mingdan ortiq dam olish uylari, qator mehmonxonalar, savdo, xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish inshootlari barpo etildi. “Fozilmon ota” ziyoratgohida sayyoh va ziyoratchilarning ko‘ngilli xordiq chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i kapital ta’mirlandi, yangi-yangi attraksionlar o‘rnatildi, turli ko‘ngilochar va dam olish ob’ektlari qurildi.

[gallery-11077]

Umuman, shaharda yiliga 500 ming kishi hordiq chiqarishi uchun turli ko‘ngilochar va dam olish maskanlarini barpo etish bo‘yicha ishlar ketmoqda. Bundan tashqari, Kampirravot mahallasida bo‘sh turgan 66 gektar maydonda «Sun’iy ko‘l», dam olish va ko‘ngilochar maskanlar, shuningdek, oilaviy mehmon uy, ekoturistik maskanlari barpo etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Navro‘z sayli tadbirlari, saxnalarda namoyish etilgan badiiy dasturlar, dorbozlarning chiqishlari ishtirokchilar, ayniqsa, yoshlarga ko‘tarinkilik va xush kayfiyat ulashdi.

– Tobora yuksalib, obod bo‘lib borayotgan yurtimizga faqat bayramlar yarashadi, – deydi Marhamat tumanidagi Oqbosh mahallasida yashovchi, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Oynagul Risqulova. – bugungi bayramga butun mahalladoshlarimiz bilan keldik. Qiziqchi va san’atkorlarning chiqishlaridan miriqib dam oldik. Tinch va farovon hayotimizga aslo ko‘z tegmasin.

Navro‘z sayli tadbirlarida viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari, ijro etilgan sho‘x kuy va qo‘shiqlar tadbir mehmonlarini befarq qoldirmadi. 

Tuman va shaharlar mahallalari jamoalari tomonidan namoyish etilgan milliy va bahoriy taomlar ko‘rgazmalari, doshqozonlarda tayyorlangan sumalak, palov yurtimizdagi to‘kinlik, fayzu barakaning nishonasi bo‘ldi. Mahallaldarda tashkil etilgan folklor jamoalar, onaxonlar tomonidan ijro etilgan yor-yor va laparlarni mehmonlar olqishlar bilan kutib oldi.

Mahallamizdagi olti yuzga yaqin oila tarkibida 4 ming nafar aholi yashaydi, - deydi Shahrixon tumanidagi “Andijonlik” mahallasi Xotin-qizlar faoli Sarvinoz Davronova. – Mahallamiz hunarmandlar mahallasi, aholining aksariyati hunarmandchilik ortidan daromad topadi. bugungi bayramda ham bir guruh opa-singillarimiz o‘zlari tayyorlagan do‘ppi, to‘n, qiyiq va milliy liboslar bilan ishtirok etmoqda. Mahallamizning tinchlik-osoyishtaligi, ko‘cha va guzarlarimiz obodligi mahalla ahlining hamjihatligi, mehnatsevarligining samarasidir. 

Viloyatning barcha tuman va shaharlari vakillari, oliy o‘quv yurtlari tomonidan tayyorlangan sahna kompozitsiyalari, badiiy jamoalarning o‘ziga xos chiqishlari barchada katta taassuroot qoldirdi. 

- Jamoalarimiz o‘z repertuaridagi milliy, mumtoz kuy va qo‘shiqlar, jozibador raqslar  bilan sayl ishtirokchilariga xushnudlik ulashmoqda, - deydi Andijon viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Marhaboxon Sattorova. – Ochig‘i, tabiat qo‘ynida, adirliklar bag‘rida bo‘lib o‘tayotgan Navro‘z sayli chindanda har bir qatnashchi qalbiga unutilmas taassurotlar bilan muhrlanmoqda. 

Bayram shodiyonalarida viloyatda yashayotgan qirg‘iz, rus, koreys, uyg‘ur va boshqa turli millat vakillari ham o‘z an’ana va urf-odatlari namoyishi bilan ishtirok etdi. 

Uzoq yillarda buyon bu kabi bayram tadbirlarida ishtirok etib kelaman, - deydi Andijon viloyati Uyg‘ur madaniy markazi rahbari Adolatxon Rahmonova. – Ochig‘i, bu yil  Navro‘z bayrami tadbiri xalq sayli tarzida o‘zgacha o‘tmoqda. Bundan barcha xursand. 

Viloyatimizda yashayotgan turli millat vakillari ham bayramda ishtirok etib, o‘zlarining urf-odat va an’analarini namoyish etmoqda. Men ham millatim uyg‘ur bo‘lsa-da, o‘zimni shu yurt farzandi, deb bilaman, o‘zimni shu yurtdan ayro tasavvur qila olmayman. Bugun farzandlarim, mahalladoshlarim bilan Navro‘z sayliga tashrif buyurdik. Sayldagi yoshlar, farzandlarimiz quvonchini ko‘rib, ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi. 

Har bir jamoa, har bir mahalla tomonidan tayyorlangan milliy taom – palov, sumalak bayram ishtirokchilari va mehmonlarga ulashildi.

Yuqori ko‘tarinkilik bilan umumxalq sayli shaklida o‘tgan Navro‘z shodiyonalari andijonliklar ruhiyati va kayfiyatini ko‘tarish bilan birga, ularning qalbida shukronalik, mehr-oqibat, ezgulik, qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga muhabbat, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamladi. 

Navro‘z bayrami shodiyonalari Andijonning barcha shahar va qishloqlarida ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.

 

Faxriddin UBAYDULLAEV,

Zuhriddin UMURZOQOV (surat),

O‘zA