Davlatimiz rahbarining 2022-yil 30-apreldagi "Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida ichki turizmni rivojlantirish doir qator vazifalar belgilangan edi.
Xususan, hujjatda xalqaro ekoturizm forumini o‘tkazish qayd etilgan. Shundan kelib chiqib, joriy yilning 20–21-oktyabr kunlari Andijon viloyatining Xonobod shahrida “Hanabad wellness-resort” 1-Xalqaro ekoturizm forumi o‘tkaziladi.
Andijon viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi hamda viloyat hokimligi tomonidan o‘tkaziladigan mazkur forumdan ko‘zlangan maqsad Xonobod shahrining toza havosi va tabiati haqida keng jamoatchilikka ma’lumot berishdan iborat. Shu bilan birga tabiatni asrab-avaylash va ekologiyani saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha “Andijon viloyati tajribasi” bilan o‘rtoqlashish, Xonobod shahrining turizm sohasidagi o‘ziga xos salohiyati, rivojlanish istiqbollari va imkoniyatlarini ilmiy jihatdan tahlil etish, bu borada soha ekspertlari fikrlari bilan tanishish va Xonobod shahriga sayyohlar oqimini yanada oshirish maqsadida taklif va rejalar ishlab chiqishdir.
Mazkur forum an’anaviy tarzda har ikki yilda bir marta oktyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Forum xalqaro maqomga ega bo‘lib, joriy yil unda Bolgariya, Polsha, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, va Rossiya singari 7 ta xorijiy davlatdan olimlar va professorlar, turizm sohasi ekspertlari ishtirok etishi ko‘zda tutilyapti.
O‘zA