Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi oldidan kurash bo‘yicha Andijon viloyat prokurori kubogi uchun o‘tkazilgan “Xonobod Open” respublika ochiq turniri yakuniga yetdi.
Yurtimizda sportning kurash turini ommalashtirish va rivojlantirish, mustaqillik bayrami oldidan yurtdoshlarimiz, kurash muxlislariga xush va bayramona kayfiyat ulashish maqsadida o‘tkazilgan respublika ochiq turnirida mamlakatimizning barcha hududlaridan eng kuchli kurashchilar ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Qator vazn toifalarida bir necha kun davom etgan kurash musobaqasi qizg‘in bellashuvlarga boy bo‘ldi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, Bekmurod Oltiboyev, Sherali Jo‘rayev, Botir Xoliyorov, Shohruxxon Baxtiyorov o‘z vazn toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
[gallery-24774]
G‘oliblarni taqdirlash marosimida Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, viloyat prokurori Murodullo Abduhakimov qatnashib, g‘olib va sovrindorlarni muborakbod etdi, ularga tegishli medal va sovg‘alarni topshirdi.
Turnirda mutlaq vazn toifasida g‘olib bo‘lgan kurashchi Bekmurod Oltiboyev “Kobalt” avtomashinasi, 2- o‘rin sohibi 40 million so‘m, uchinchi o‘rinni egallagan kurashchi 15 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari