FOTOREPORTAJ
So‘nggi yillarda yurtimizda turizm sohasi ancha rivojlandi. Hukumatimiz tomonidan ichki va tashqi turizmni rivojlantirish maqsadida sayyohlik firmalariga qator imtiyoz va subsidiyalar berilmoqda. Albatta, bu o‘z natijasini bermoqda. Bunga javoban tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan xorijlik turistlarni mamlakatimizga keng jalb etish maqsadida turli ko‘ngilochar maskanlar barpo etilmoqda.
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi tog‘li Xonjiza qishlog‘ida joylashgan “Xonjiza siti” MCHJ tomonidan 2024 yilda ishlab chiqilgan loyiha asosida tog‘ oralig‘ida qurilishi boshlangan turizm maskani hali to‘la ishga tushmagan bo‘lsa-da, allaqachon sayyohlar bilan gavjum.
[gallery-24750]
Umumiy qiymati 5 million AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu loyihaning 30 foizi miqdorida, taxminan 1 million AQSH dollariga yaqin mablag‘ hisobidan hududda o‘ndan ziyod zamonaviy yog‘och uychalar qurilib, foydalanishga topshirildi. Viloyat uchun yangilik bo‘lgan ziplayn uskunasida amalga oshiriladigan harakat insonga xuddiki osmonu falakda sayr qilayotgan qush parvozi zavqini berishi bilan qiziqarli.
“Xonjiza siti” MCHJ rahbari Mahmud Odinayevning aytishiga qaraganda, ushbu loyihani amalga oshirish g‘oyasi oila boshlig‘i Ahmad Odinayevdan chiqqan ekan. Ushbu istiqbolli loyiha haqida o‘rtaga tashlangan g‘oya barcha oila a’zolariga ma’qul keldi. 6 aka-uka o‘zaro hamjihat bo‘lib, loyihani amalga oshirishga astoydil bel bog‘ladi. Hozirgi kunda bu yerda bir necha turdagi pullik xizmat yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Olis tog‘ qo‘ynida shuncha ish o‘rni yaratish kishidan ulkan salohiyat va katta jasorat talab qiladi.
– Kelgusi rejalarimiz ulkan, - deydi “Xonjiza citi” MCHJ rahbari Mahmud Odinayev. – Yaqin kelajakda yana qo‘shimcha mablag‘ ajratib, ushbu tog‘ cho‘qqilarida 100 metr balandlikda sun’iy sharshara hosil qilish niyatimiz bor. Bundan tashqari, balandligi 5-10 metr, uzunligi 4 kilometr masofadagi kanat qurilishi loyihasini amalga oshirmoqchimiz. Ayni paytda kattalar va bolalar uchun ziplayn – po‘lat sim dori, chayqaluvchi osma ko‘prik va boshqa xil xizmat turlarimiz bor. Yurtimiz va chet eldan tashrif buyurgan sayyohlar yaratilgan imkoniyatlardan mamnun bo‘lmoqda. Qo‘shni Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan tashrif buyuruvchi sayyohlar soni ortmoqda. O‘ylagan barcha rejalarimiz amalga oshadigan bo‘lsa, sayyohlar oqimi yanada ko‘payadi.
O‘zA fotomuxbiri
Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan suratlar