Yurtimizda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning hayotga bo‘lgan ishonchini tiklash, ularni mehrga to‘la, sog‘lom ijtimoiy muhitda tarbiyalash maqsadida bir qator tizimli islohotlar olib borilmoqda.
Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi Zafar G‘afforov va uning turmush o‘rtog‘i Munira Rahmatullayeva tashabbusi bilan 1-sonli oilaviy bolalar uyi tashkil etildi. Hozirda ushbu mehrli uyda 4 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ularning 3 nafari qiz bola bo‘lib, har biri o‘zining noyob qiziqish va iste’dodi bilan ajralib turadi. Yana bir chaqaloq o‘g‘il bola esa bu oila bag‘rida mehr bilan ulg‘aymoqda.

– O‘zimizning ikki nafar farzandimiz bor. Bolalarni asrab olganimizdan so‘ng, olti nafar bolaning ota-onasi bo‘ldik. Bu bolalarni ko‘rib, hayotimiz butunlay o‘zgardi. Har birining dunyoqarashi, orzusi bor. Ular bilan xondonimiz yanada zavqqa to‘ldi, – deydi Zafar G‘afforov.
Ushbu oilada bolalarning har biri uchun alohida yotoq joyi, dars qilish uchun qulay muhit, o‘yin va dam olish sharoitlari yaratilgan. Bolalar doimiy ravishda sog‘liqni saqlash muassasalarida ko‘rikdan o‘tkaziladi. Psixologik va tarbiyaviy qo‘llab-quvvatlovga ega.

Oilaviy bolalar uyi – bu faqatgina yashash joyi emas, balki haqiqiy oila muhiti, bolalar mehr, g‘amxo‘rlik va ishonch bag‘rida ulg‘ayadigan maskan.
Ijtimoiy himoya tizimida hayotga tatbiq etilayotgan bu kabi loyihalar nafaqat bolalar taqdirini o‘zgartirmoqda, balki butun jamiyatda mehr-oqibat, bag‘rikenglik va insonparvarlik qadriyatlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.