Hokim yordamchisi faoliyatidan
Qaysi sohada, qay lavozimda bo‘lmasin mehnat qilgan inson, albatta kamol topadi, obro‘-e’tiborga erishadi. Mamlakatimiz mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyati hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani “Guliston” QFY hokim yordamchisi Mansur Toshpo‘latov faoliyati bilan qiziqdik.
– Vakolatimdagi vazifalarimni o‘zimga biriktirilgan mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni xonadonbay o‘rganish, jumladan, aholining bandlik darajasi, oilalarning daromad manbalari, tomorqa yerlaridan foydalanish holati hamda daromadli mehnatga bo‘lgan intilishi va ehtiyojlarini tahlil qilishdan boshladim, – deydi Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani “Guliston” QFY hokim yordamchisi Mansur Toshpo‘latov. – Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirishning ichki imkoniyatlari haqida bir qarorga kelish juda qiyin kechdi.

Mahallada istiqomat qiladigan aholining o‘z maqsadlari, rejalari borligi menga yordam berdi. Avvalambor, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan va ishsiz aholining, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning qiziqishlarini o‘rganib chiqdik. Mahalla raisi, tuman hokimligi bilan hamkorlikda ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatuvchi o‘quv markazlariga yo‘naltirish hamda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga yordam berish rejalari ishlab chiqildi.
bugungi kunda “Guliston” QFYdagi 1 ming 79 ta xonadonda 5 ming 826 nafar aholi istiqomat qiladi.

“Guliston” QFY aholisining oilaviy tadbirkorligini rivojlantirish, jumladan, ularning hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yishi uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishda ko‘maklashildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yil davomida mahallada istiqomat qiluvchi 293 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. 113 nafar fuqaroga imtiyozli kreditlar olib berildi. 174 nafar fuqaro o‘z-o‘zini band qildi hamda 60 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi.
– Xalq orasiga kirish va ularning tashvishiga sherik bo‘lish uchun ularning dardini his qila olish lozim. Men o‘z vazifamni qabul qilgan kunlarimdayoq dastlabki rejalarimni belgilab olganman. Men xonamda o‘tirib fuqarolardan keladigan murojaatni kutmayman. Qachonki, fuqaro murojaatini uning xonadoniga borib tinglasangizgina, o‘sha murojaatning yechimi samarali bo‘ladi, – dedi M.Toshpo‘latov.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA