Sirdaryo viloyatidagi gaz ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 52 ta mahalla va 25 mingdan ortiq aholi xonadonlarining gaz ta’minoti yaxshilandi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat bo‘yicha jami 210 ming 464 nafar iste’molchi mavjud bo‘lib, shundan 130 ming 704 nafarining xonadonlari tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Joylarda o‘tkazilgan kompleks texnik tadbirlar natijasida gaz ta’minotining barqarorligi va xavfsizligi oshirildi.
Xususan, 50,4 kilometr yer osti gaz tarmoqlari hamda 165 ta gaz taqsimlash punktlari rekonstruksiya qilinib, mukammal ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 163,1 kilometr gaz tarmoqlari bosim ostida sinaldi va tozalandi, 258,5 kilometr yer osti gaz quvurlari maxsus priborlar yordamida tekshiruvdan o‘tkazildi. 201,7 kilometr gaz quvurlari tartibga keltirilib, 3 ming 197 kilometrdan ortiq gaz quvurlari hamda 1 ming 134 ta gaz taqsimlash inshooti qayta nazoratdan o‘tkazildi.

Amalga oshirilgan ishlar davomida 76 ta yangi zulfin va 41 ta filtr o‘rnatildi. Natijada 126 ta gaz sizib chiqish holati aniqlanib, joyida bartaraf etildi.
Joriy yilning yanvar–iyul oylari davomida 15 ming 758 ta hovlili uy ikki bosqichli gaz ta’minoti tizimiga o‘tkazildi. Bu jarayonda 148 ta gaz taqsimlash qurilmasi demontaj qilinib, texnologik yo‘qotishlar hajmi 112 ming kub metrga qisqartirildi. Gaz ta’minotini samarali boshqarish maqsadida tuman va shaharlar 24 ta yirik hududga ajratilib, avtomatlashtirilgan onlayn monitoring tizimi joriy etildi.

Suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirda viloyatda 79 ming 760 nafardan ortiq iste’molchi suyultirilgan gazdan foydalanadi. 2025 yil davomida aholiga 14 ming 475 tonnadan ziyod suyultirilgan uglevodorod gazi yetkazib berildi. Bu xizmat 3 ta gaz to‘ldirish shoxobchasi orqali amalga oshirilib, ularning oylik quvvati 1 ming 900 tonnadan ortiqni, gaz saqlash quvvati esa 3 ming 885 tonnani tashkil etadi.
Infratuzilmani yanada takomillashtirish maqsadida Oqoltin tumanida yangi gaz to‘ldirish punkti ishga tushirilib, Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlarida suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, maishiy gaz ballonlarini onlayn nazorat qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etilib, gaz ballonlari shtrix-kodli stikerlar bilan ta’minlandi, iste’molchilarga ID-kartalar berildi.

“Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minoti filiali rahbari Jahongir Xidirovning ta’kidlashicha, kelgusi davrda gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish, raqamli nazorat tizimlarini kengaytirish, texnologik yo‘qotishlarni qisqartirish hamda aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yil boshidan buyon 500 dan ortiq murojaat qabul qilinib, ularning aksar qismi ijobiy hal etildi. Rahbariyat tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida yuzlab iste’molchilarning murojaatlari joyida ko‘rib chiqildi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Hududgaz Sirdaryo” tomonidan olib borilayotgan ishlar natijasida viloyatda gaz ta’minoti tizimi bosqichma-bosqich zamonaviy, xavfsiz va samarali holatga keltirilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri