Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xonadonlar farovon, yurtimiz ko‘rkam bo‘lsin!
11:34 / 2021-11-29

Milliy matbuot markazida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan fuqarolar yig‘inlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Keksalar uchun turizm oyligi” hamda “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari jamiyatimizdagi ko‘plab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy, hayotimiz uchun zarur bo‘lgan barcha jarayonlarda faol ishtirok etuvchi, mahalla va oilalardagi tinchlik-totuvlik, obodlik va farovonlikni ta’minlovchi katta ijtimoiy institutdir.

Prezidentimizning 2021 yil 18 oktyabrdagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida soha xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib ish sharoitlarini yaratishda bugungi kunga qadar amalda bo‘lgan mavjud tizimni yanada takomillashtirish, mahalla xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning aniq mezonlari belgilab berilgan.

Unga ko‘ra, 2021 yil 1 noyabrdan boshlab soha xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va uni moliyalashtirish, ularga buxgalteriya xizmatlarini ko‘rsatishda qator muhim o‘zgarishlar yo‘lga qo‘yildi. Xususan, hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlari 35 foizga oshirildi. Ayni vaqtda yurtimizdagi mavjud 9 ming 259 ta fuqarolar yig‘inlarining 1 ming 504 tasida mingta va undan ortiq xonadonlar mavjud.

Shuningdek, farmonga ko‘ra, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish, ularga buxgalteriya xizmatini ko‘rsatish vazifasi tuman (shahar) hokimliklaridan tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga o‘tkazilib, tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Barcha mahalla fuqarolar yig‘inlariga zarur kanselyariya tovarlari xaridi uchun 2021 yilning o‘zida tegishli mablag‘ ajratiladi. 2022 yildan boshlab esa ushbu maqsadlar uchun zarur mablag‘lar Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutiladi. Ayni vaqtda vazirlik tomonidan mazkur vazifalar ijrosini uzliksiz ravishda ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda zarur ishlar olib borilmoqda.

Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida qizg‘in o‘tkazilayotgan “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida keng qamrovli ishlar bajarilmoqda. Mazkur oylikni munosib tarzda o‘tkazish, keksa avlod vakillarining sayohatlari va dam olishlarini maroqli tashkil etish, bu orqali ichki turizmni rivojlantirish maqsadida yurtimizdagi 210 ta mehmonxona va mehmon uyi xizmatlari va 115 ta umumiy ovqatlanish joylaridagi xizmatlar uchun ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.

Shuningdek, respublikamiz hududlari bo‘ylab sayohat qilish istagida bo‘lgan 1-guruh nogironligi bo‘lgan keksalarga, 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklarga “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan 25 foiz, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan 10 foiz va “Uzautotrans Service” MCHJ tomonidan mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi avtobus chipta narxlariga 10 foiz chegirmalar taqdim etildi. Turizm va sport vazirligi tomonidan 14 ta hudud bo‘yicha ziyoratgohlar va qadamjolarni o‘zaro bog‘lagan ichki turizm sayohat dasturlari ishlab chiqildi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan vaqt davomida yurtimiz hududida jami 315 ming 542 nafar keksa avlod vakillarini Toshkent viloyatining Qibray tumanida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga hamda viloyat markazlaridagi ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolarga sayohatlari tashkil etildi. Mazkur sayohatchilarning 7 ming 795 nafari 1-guruh nogironligi bo‘lgan keksalardir.

Shuningdek, viloyat markazlaridagi muzeylar, ziyoratgohlar va qadamjolarga salkam 5 ming nafar 1-guruh nogironligi bo‘lgan keksalar hamda 190 ming 512 nafar nuroniylar, xususan, ichki turizm doirasida 2 ming 827 nafar 1-guruh nogironligi bo‘lgan keksalar hamda 117 ming 235 nafar keksa avlod vakillari sayohatlarga jalb etildi. 

Oylik doirasida 1-guruh nogironligi bo‘lgan hamda uyida yotib qolgan 61 ming 24 nafar, shifoxonada davolanayotgan 1-guruh nogironligi bo‘lgan 6 ming 124 nafar keksalar holidan xabar olinib, kerakli dori-darmon vositalari bilan ta’minlandi.

Shu bilan birga uyida yotib qolgan 6 ming 852 nafar, shifoxonada davolanayotgan 2 ming 699 nafar yakka yolg‘iz yashovchi yurtdoshlarimiz ham zarur dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi. Bundan tashqari 12 ming 860 nafar yakka yolg‘iz, 1-guruh nogironligi bo‘lgan keksalarning xonadonlarida hasharlar o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida ayni kunlarda yurtimizning barcha huddalarida keng miqyosda o‘tkazilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida olib borilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilganidek, joriy yilning noyabr-dekabr oylari, shuningdek, 2022 yil bahor mavsumlarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hududlarida 40 milliondan ortiq ko‘chatlar ekilishi belgilangan. Hozirga qadar fuqarolar yig‘inlari hududida 13 million 332 ming 147 dona manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari hamda qalamchalari ekildi.

Shuningdek, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda joriy yilning 10 dekabr kuniga qadar davom etishi belgilangan “dolzarb 40 kunlik” tadbirlari barcha hududlarda uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Bularning barchasi xonadonlarni yanada fayzli, yurtimizni ko‘rkam, chiroyli bo‘lishi yo‘lidagi ezgu intilishlarning amaliy ifodasidir.

N.Usmonova, O‘zA