Jizzax viloyatining barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida tomorqachilikni rivojlantirish aholini kambag‘allikdan chiqarishda muhim ahamiyat kasb etishi borasida keng targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Bu borada Forish tuman hokimligi tashabbusi asosida tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan hamkorlikda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi doirasida barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘quv-amaliy seminarlar belgilangan jadval asosida o‘tkazib kelinayapti.

Tumanning “Uchma” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Bobur Egamqulov xonadonida tashkil etilgan amaliy seminarda tuman hokimligi, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillari, mahallada yashovchi ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalar a’zolari va hududagi namunali tomorqachilar ishtirok etdi.
Ushbu tadbir davomida mahalladagi namunali tomorqachilar tomonidan tomorqadan samarali foydalanib, yil davomida 2-3 marotaba hosil olish sirlari: qaysi faslda qanday mahsulot ekish lozimligi, ekinlarni o‘g‘itlash, parvarishlash, issiqxonalardan qanday foydalanish bo‘yicha zarur maslahatlar berilib, qishloqlarda tomorqa oilalar farovonligini ta’minlashda, o‘zini o‘zi band etishda va oila byudjetini yuksaltirishda asosiy manba ekanligi hayotiy misollar asosida tushuntirib berildi.

Seminarda mahallada yashovchi namunali tomorqachilar o‘z tajribasini ommalashtirib borish maqsadida ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalarga biriktirildi.
Bu kabi seminarlar tumanning har bir mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilmoqda.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari