FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi “Valik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Shahboz Erkinov xonadon tomorqasida mo‘’jaz issiqxona tashkil etib, gulchilik bilan shug‘ullanmoqda.
Yosh tadbirkor tomonidan Xitoydan olib kelingan 100 turdan ortiq noyob va ko‘p yillik gul navlari parvarishlanmoqda. Ayni paytda ularni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha amaliy tajribalar olib borilmoqda.
[gallery-27780]
Shahboz Erkinov bir necha yil mehnat migranti sifatida xorijda faoliyat yuritgan. Yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, yaqinda Vatanga qaytdi va o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi. Gulchilik sohasida jahon tajribasini o‘rganish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda sahifa ochib, ilg‘or usullarni amaliyotga joriy etmoqda.
Yaqin istiqbolda u tomorqa maydonida bir va ko‘p yillik mahalliy gul navlarini ham yetishtirishni rejalashtirgan. Hozirda esa xaridorgir gullar mahalliy sharoitda parvarishlanib, buyurtma asosida mamlakatimizning turli hududlariga yetkazib berilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA