Xonadonda havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi
11 fevral kuni tungi soat 23.55 da Andijon shahridagi Nodirabegim mahallasi hududida joylashgan ko‘p qavatli uylarning biridagi xonadonda havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi.

Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Matbuot xizmati tomonidan taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, voqea joyiga zudlik bilan o‘t o‘chirish-qutqaruv guruhlari, shuningdek, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbar va mas’ullari, tez tibbiy yordam xizmati xodimlari yetib borgan.
Chaqnash oqibatida yong‘in kelib chiqmagan va boshqa xonadonlarga zarar yetmagan, ikki nafar fuqaro tan jarohati olgan.
Chaqnash bilan bog‘liq vaziyat to‘liq nazoratga olingan, mutaxassislar tomonidan chaqnashning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.
F. Ubaydullayev,
O‘zA