Armanistonning Yerevan shahrida xokkey bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining IV divizionida to‘rtinchi tur uchrashuvlari yakunlandi.
Unda O‘zbekiston va Indoneziya terma jamoalari o‘zaro raqobatlashdi. Bahsda xokkeychilarimiz 26:1 hisobida g‘alaba qozondi. Armaniston esa Eron darvozasiga javobsiz 8 ta shaybani joylab qo‘ygan bo‘lsa, Kuvayt hamda Malayziya uchrashuvi 22:9 hisobida yakunlandi. Mazkur natijalardan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi 10 ochko bilan divizionda karvonboshilik qilmoqda. Armaniston esa 9 ochko bilan ikkinchi, Kuvayt 8 ochko jamg‘arib, uchinchi o‘rinda borayotir.


Indoneziya termasi 6 ochko to‘plab, 4-pog‘onadan o‘rin olgan bo‘lsa, Eron 3 ochko bilan beshinchi o‘rinda qoldi. Malayziya hisobida hamon ochko yo‘q. Endi 19 aprle kuni jahon chempionatining so‘nggi turida O‘zbekiston terma jamoasi Malayziyani sinovdan o‘tkazadi va ushbu o‘yindagi g‘alaba jamoamizni jahon chempionatining III “B” divizioniga olib chiqadi. Shuningdek, bu kunda Armaniston – Indoneziya, Eron – Kuvayt termalari ham raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA