Xokkey bo‘yicha Qozog‘iston muntazam chempionati doirasida Toshkentning "Humo" klubi o‘z uyida Ust-Kamenogorsk shahrining "Torpedo" jamoasiga qarshi ikki o‘yin o‘tkazdi.
Poytaxtimizdagi “Humo arena” ko‘p tarmoqli majmuasida o‘tgan ilk o‘yinda “Torpedo” 3:2 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, ikkinchi o‘yinda “Humo” 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. Mazkur uchrashuvda jamoamiz safida Danila Karaban xet-trik qayd etgan bo‘lsa, Vyacheslav Litovchenko bitta gol urdi.

Shu tariqa, "Humo" klubining Qozog‘iston muntazam chempionatidagi o‘yinlari soni 20 taga yetdi va ushbu uchrashuvlarda jami 26 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. "Torpedo" esa 22 ta o‘yinda 33 ochko to‘plab, jadvalning birinchi pog‘onasida bormoqda.
Ma’lumot o‘rnida: "Humo" chempionatdagi keyingi o‘yinlarini 3-4 dekabr kunlari Toshkentda "Irtish" jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuvlarning birinchisi soat 19:30 da, ikkinchisi esa 18:30 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA