Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixiy natija qayd etdi
15:14 / 2025-04-20

Armanistonning Yerevan shahrida xokkey bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining IV divizion bellashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi guruhda birinchi o‘rinni egallab, mamlakatimiz xokkeyi tarixida ilk bora III “B” divizionga yo‘l oldi.

O‘zbekiston xokkey terma jamoasi jahon chempionatining IV divizionining so‘nggi tur doirasida Malayziyaga qarshi muzga chiqdi va 18:3 hisobida zafar quchdi. Ushbu o‘yin yakuniga ko‘ra, terma jamoamiz ochkolari sonini 13 taga yetkazib oldi va o‘z guruhida birinchi o‘rindan joy oldi. Endi xokkeychilarimiz 2026 yilgi mavsumda jahon chempionatining III “B” divizionida ishtirok etadi.

Darvoqe, chempionat yakunida darvozabonimiz Rustam Irgashev jamoamiz tarkibidagi eng yaxshi xokkeychi deb tan olindi.

Ma’lumot o‘rnida: jahon chempionatining IV divizionining beshinchi tur yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston 13 ochko bilan peshqam bo‘lgan bo‘lsa, Armaniston 12 ochkoga ega bo‘lib, ikkinchi o‘rindan joy oldi. Kuvayt  11 ochko jamg‘arib, kuchli uchlikni yakunladi. Shuningdek, Indoneziya 6, Eron 3 ochkoni qo‘lga kiritib, 4-5 pog‘onada qoldi. Malayziyalik xokkeychilar birorta ochkoni qo‘lga kirita olmadi va guruhni autsayder sifatida yakunladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA