Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xo‘jaylida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazilmoqda
06:00 / 2022-03-06

Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan 35 kishilik jamoa olis Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumaniga bordi.

 Maqsad, aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, davo muolajalarini belgilash, birlamchi tibbiy-sanitariya tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlariga amaliy yordam ko‘rsatish va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini olib borishdan iboratdir.

Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyat nihoyatda murakkab. Bu esa hududda ko‘plab kasalliklar avj olishiga sabab bo‘lmoqda.

Buxorolik tibbiyot xodimlarining qoraqalpoq zaminidagi ilk kunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash Vazirligi, Xo‘jayli tuman tibbiyot birlashmasi, Buxoro viloyati hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi va shifokorlar guruhi ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Tegishli tor soha mutaxassislaridan iborat 3 ta mobil tibbiy brigada tashkil etildi. Ular tomonidan Xo‘jayli tumani tibbiyot birlashmasi tizimidagi muassasalarda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha malakali tibbiy xizmatni amalga oshirish, bemorlarga ambulator va statsionar sharoitda davolanishlari uchun zarur tavsiyalar berish va davolash-sog‘lomlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha rejalar belgilandi.

Tumanda Saroyko‘l, Somonko‘l, Naymanko‘l, Ko‘lob, Amudaryo, Begjap, Kenagas, Sariganko‘l, Janajap kabi yirik qishloq va ovullar mavjud. 18 ta mahalladan tarkib topgan Xo‘jayli tumanida asosan qoraqalpoqlar, shuningdek, rus, turkman, o‘zbek va boshqa millat vakillari istiqomat qiladi. 125 ming nafar atrofidagi aholi bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashab kelmoqda.

Bu aholining 80 mingga yaqini Xo‘jayli shaharchasida yashaydi. Tuman Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh. Hududda 20 dan ortiq umumta’lim maktabi, 3 ta shifoxona, 5 ta poliklinika, 9 ta qishloq vrachlik punkti va boshqa ma’muriy inshootlar faoliyat olib bormoqda.

– Qoraqalpog‘istonlik hamkasblar bilan hamkorlikda yuqori aniqlikda tashxis qo‘yishga ixtisoslashgan UZI, EKG va boshqa uskunalar vositasida aholiga xizmat ko‘rsatildi, – deydi Buxoro viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i A.Bahronov. – Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha 533 fuqaroga ambulator va 61 kishiga statsionar sharoitda davolanishlari tavsiya etildi. Ularning 7 nafarida jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi, shundan 3 tasi yuqori texnologik operatsiyalar hisoblanadi.

Guruh tarkibida Romitan tumani tibbiyot birlashmasi va boshqa muassasalardan saralangan ilg‘or hamshiralar hududdagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va uning filiallari, oilaviy tibbiyot muassasalarida mahorat darslari, o‘zaro tajriba almashinuv, birlamchi tizimda universal-progressiv model bo‘yicha patronaj hamshiralariga amaliy yordam berish ko‘nikmalarini oshirish tadbirlarini olib bordi.

Buxorolik tajribali tibbiyot mutaxassislari guruhi yana 3 kun mobaynida Xo‘jaylida bo‘lib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi.

Zarif Komilov, O‘zA