Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Xo‘jayli tumanida aholining turmush sharoitini yaxshilash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges raisi "Sarishungil" ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi Tovcha hududiga bordi. Ta’kidlash joizki, ilgari 149 ta xonadon termitdan zarar ko‘rib, yashab kelayotgan edi. Ushbu muammoning yechimi topilib, deyarli barcha xonadonlar xavfsiz joyga ko‘chirildi.
Shundan so‘ng, “Bog‘mon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Baliq YUK” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yo‘lga qo‘yilgan baliq yetishtirish loyihasi hamda "Qumbiz" mahalla fuqarolar yig‘inidagi "Qirq qiz" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yo‘lga qo‘yilgan tikuvchilik korxonasi ishlari ko‘zdan kechirildi. Tadbirkorlar faoliyatini kengaytirishi uchun amaliy yordam ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

"Parvoz" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yo‘lga qo‘yilgan "Kingsman" xususiy maktabi faoliyati ham o‘rganildi. Umumta’lim muassasalari bilan birga nodavlat maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qilishi va ularni yanada ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi.

Rais "Farruxbek Xo‘jayli" fermer xo‘jaligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan chorvachilik loyihasi bilan ham yaqindan tanishdi. Yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan bunday loyihalar tashabbuskorlari doimo qo‘llab-quvvatlanishi kerakligi aytildi.
Fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash yo‘nalishida hali yechimini kutayotgan masalalarni aniqlash va muammolarga yechim topish bo‘yicha tumandagi nuroniylar bilan uchrashuv o‘tkazilib, amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Shundan so‘ng faollar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri