French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xo‘jaylida 10 nikoh va 15 sunnat to‘yi o‘tkazildi
18:55 / 2025-10-06

Buxoro viloyati hokimligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan birga hudud aholisining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va saxovat muhitini yanada mustahkamlash borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan viloyat hokimligi tashabbusi bilan Xo‘jayli tumanidagi fayzli joylarning birida hududda yashovchi 10 yosh oilaning nikoh va 15 farzandning sunnat to‘ylari ko‘tarinki ruhda o‘tkazib berildi. Shu maqsadda tumanning eng chekka ovul va mahallalarida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning yashash sharoitlari, moddiy ahvoli o‘rganildi. Farzandlarining sunnat va nikoh to‘ylarini o‘tkazishda yordamga muhtoj oilalar ro‘yxati shakllantirildi.

Tadbirga kelin-kuyovlar, to‘y bolalarning ota-onalari, yaqin qarindoshlari, mahalla faollari, faxriylar, jamoatchilik vakillari va yoshlar taklif etildi.

Marosimda Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari B.Adilov, Xo‘jayli tuman hokimining o‘rinbosari X.Xolmuratov va boshqa so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz boshchiligida inson manfaatlarini himoya qilish, aholining barcha qatlami, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar turmush sharoitini yaxshilash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlashdi. To‘y egalarini, kelin-kuyovlarni va baxtli farzandlarni hayotidagi unutilmas quvonchli kunlari bilan samimiy qutlab, ularga qimmatbaho sovg‘alar topshirishdi. 

Tadbir davomida Buxoro viloyati va Xo‘jayli tuman madaniyat xodimlari tomonidan to‘y ishtirokchilariga konsert dasturi taqdim etildi. Xonadon egalari, yosh kelin-kuyovlar amalga oshirilayotgan ezgu ishlar uchun davlatimiz rahbariga o‘zlarining cheksiz minnatdorchiligini bildirishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri