“Xo‘jayikon” tuz g‘ori xavf ostida qolmoqda
Moddiy madaniy meros ob’ekti hisoblanadigan “Xo‘jayikon” tuz g‘orining ichki qismida san’at galereyalari tizimi bilan birgalikda bir-biridan harorat, namlik, bosim va mikroiqlim bo‘yicha farq qiluvchi beshta xona-kameralar mavjud. G‘or devorlari o‘ziga xos tarzda bir santimetrdan uch santimetrgacha tuz qatlami bilan qoplangan, o‘tish joyida tuz eritmali shifobaxsh buloq mavjud.
Tuz g‘ori asosan yuqori nafas olish a’zolari, yurak qon tomir kassaliklari va endokrin tizimi kassaliklariga shifo bo‘ladi. Qon bosimini me’yorlashtiradi. Bronxit astma, yosh bolalarda surunkali laringit, katta va kichik yoshdagi rinit, polinoz, zotiljam, pnevmaniya, o‘pkaning shammollashi, asab tizimi kassaliklariga, ayniqsa uyqusi yo‘q bemorlarga tuz g‘orida 5 ta xona mavjud bo‘lib u xonalar harorati namligi va bosimidan va tuz makro va mikro elementlarida keskin farq qiladi.

Mazkur tuz g‘orida sho‘r suv mavjud bo‘lib, u stomatit, laringit rinit, polinoz, allergik dermatit, parodantoz, teri kassaliklariga shifo bo‘ladi. Tuz g‘orining uzunligi 200 metr bo‘lib, havo harorati 14 gradusdan 25 gradusgacha bo‘ladi.
Madaniy meros agentligi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlar mavjud. Xususan, ushbu ob’ektdan Surxondaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tarkibidagi Sherobod tumani tibbiyot birlashmasi xo‘jalik hisobidan tegishli asoslantiruvchi hujjatlarsiz foydalanib kelmoqda. Bu esa madaniy meros ob’ektining muhofazasini ta’minlashda bir qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.
“Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektini asrab-avaylash, uni davlat muhofazasiga olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2019 yil 4 oktyabrdagi qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
Qaror bilan Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani, Oqtoshota qishlog‘i, “Chorbog‘” MFYda joylashgan “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ekti “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi balansiga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan.
Mazkur qarorlar doirasida “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektining kadastr hujjatlari “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan rasmiylashtirilib, egalik huquqi olingan. “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros obektidan samarali foydalanish hamda egalik huquqi asosida barcha turdagi tashrifchilar uchun ish faoliyatini tashkil etish maqsadida Surxondaryo viloyat Cog‘liqni saqlash boshqarmasiga bir necha bor murojaat qilingan.
Surxondaryo viloyat Cog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan bu masala e’tiborsiz qoldirilgani sababli, “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektidan Sherobod tumani tibbiyot birlashmasining majburiy tartibda chiqarilishini so‘rab, joriy yilning 18 aprel kuni “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan Termiz tumani tumanlararo iqtisodiy sudiga davo arizasi kiritildi.
Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan yakuniy sud qarori chiqarilishida “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishi yuzasidan Termiz tumanlararo ma’muriy sud qarori chiqarilishi kutilmoqda. Shu bilan bir qatorda, joriy yilning 15 iyun kuni Termiz tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan ko‘rib o‘tilgan ishda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektining “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, egalik huquqi berilganligi noqonuniy deb topilmoqda.

Ta’kidlash lozim, muzey-qo‘riqxona “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ekti xalqimizga yanada ko‘proq samara keltirishi va kelajak avlodga bezarar yetib borishi uchun bir qator tadbirlarni maqsad qilgan.
Xususan, “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektidan tibbiyot davolash maqsadida ham foydalanilib, davlat va hususiy sanatoriyalar bilan keng hamkorlik olib borilishi, xalqaro miqiyosdagi diqqatga sazovor joylardan biriga aylantirilishi, mahalliy va xorijiy tashrifchilarning eko va tibbiyot turizmi doirasida keng jalb etilishi, mablag‘ tushumlarining tartibga solinishi va mazkur mablag‘lar byudjet mablag‘lari sifatida yo‘naltirilishi hamda eng asosiysi, mazkur madaniy meros ob’ekti davlat muhofazasida ishonchli saqlanishi uchun “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi balansida operativ boshqaruv huquqi asosida qoldirilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunida ham madaniy meros ob’ektlarining davlat tomonidan muhofaza qilinishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Bu esa, o‘z o‘rnida, madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi organlar tomonidan huquqiy, tashkiliy, moliyaviy, axborotga doir, moddiy-texnikaviy va boshqa chora-tadbirlar ko‘riladigan tizimining barcha pog‘onalari uzviy bog‘langan tarzda faoliyat ko‘rsatishini taqozo etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA