Davlatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi “Do‘stlik” massivida sement ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi.
Korxona ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda mahalliy ishlab chiqarish korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotganligi, mazkur yo‘nalishda yangi loyihalar ishga tushirilib, yurtimiz iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-3587]
Umumiy loyiha qiymati 110 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur korxona “RASH-MILK” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etildi. Korxona to‘la quvvat bilan ish boshlagach, yiliga 3 million tonna mahsulot ishlab chiqariladi. Korxonaning ishga tushishi bilan 400 nafar kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA