Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xo‘jand va Dushanbeda o‘zbek-tojik «Do‘stlik Navro‘zi»
17:43 / 2023-03-22

Tojikistoning Sug‘d viloyati markazi – Xo‘jand shahrida O‘zbekiston va tojikistonliklar ishtirokida «Do‘stlik Navro‘zi» bo‘lib o‘tdi. Karnay-surnay sadolari ostida chinakam do‘stlik bayramiga aylanib ketgan shukuhli tadbir O‘zbekistonning «Vatandosh» jamoat fondi va O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasi tashabbusi bilan o‘tkazildi.

«Vatandosh» jamoat fondi matbuot kotibi Ufora Habibullayeva do‘stlik bazmiga yig‘ilgan mehmonlarni bu shukuhli bayram bilan qutlar ekan, tojikva o‘zbeklarda qadim-qadimdan nishonlab kelinayotgan Navro‘zning ajib xislatlari, jumladan, yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash haqida alohida to‘xtaldi.

So‘zga chiqqan o‘zbekistonlik va tojikistonlik qatnashchilar ham ayni Navro‘z kunlari yangi-yangi do‘stlar orttirilishi, birodar-og‘aynichilik rishtalari mustahkamlanishi haqida fikr yuritishdi.

«Do‘stlik Navro‘zi»da o‘zbek va tojik tillarida yashnash-yasharish fasli -ko‘klam, tinchlik-osoyishtalik, do‘stlik, mehr-oqibatni vasf etuvchi she’rlar, qo‘shiqlar yangradi. O‘zbekistonlik va tojikistonlik san’atkorlar – Toshkentdagi o‘zbek drama teatri aktrisasi Izrohat Murodova, xushovoz hofizlar Tojiniso Niyozova, Dilafro‘z Hayitmetova, Jambul Muhammedov va boshqa san’atkorlar ijrosidagi dramatik asarlardan monologlar, kuy-qo‘shiqlar bayram fayziga fayz qo‘shdi.

- Men bunday tadbirlar tez-tez o‘tkazilishini istayman. Axir, mehr ko‘zda deydilar. Asrlar davomida bizning har bir yaxshi-yomon kunimiz, ayniqsa, Navro‘z o‘zbek do‘stlarimiz ishtirokida o‘tgan, - deydi uzoq yillar yosh avlodga ta’lim berib kelgan sakson yoshdan o‘tgan tojikistonlik Abduvoris ota Oripov.

Ayni shunday «Do‘stlik Navro‘zi» Dushanbe shahrida ham bo‘lib o‘tdi. Bu bazmni ham «Vatandosh» jamoat fondi va O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasi tashkil etdi.

O‘runboy Usmon, Xo‘jand