Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Sardor Bahrom zoo” fermer xo‘jaligi hududda oziq-ovqat zaxirasi va narxlar barqarorligini ta’minlashga faol hissa qo‘shayotgan xo‘jaliklardan.
Xo‘jalik dastlab, 2011 yilda parrandachilik yo‘nalishida tashkil etilgan bo‘lib, 2019 yildan bu yerda chorvachilik kompleksi ham faoliyat boshladi.

– Avstriyadan “Simental” zotli 200 bosh qoramol olib kelganmiz, - deydi tashabbuskor fermer Bahrom Inomov. – Hozirgi kunda boquvda 230 bosh sigir, 120 bosh buzoq mavjud. Yillik sut ishlab chiqarish quvvati 1058.5 tonnani tashkil etadi. Ayni paytda xo‘jaligimizda 28 nafar doimiy hamda 20 nafar mavsumiy ishchi mehnat qilmoqda. Xorijdan yana 200 bosh naslli chorva keltirish rejamizda bor. Sexlarni Turkiya, Germaniya va Italiya davlatlarining ilg‘or texnologiyalari bilan jihozlash harakatidamiz. Kelgusida qayta ishlangan sut va go‘sht mahsulotlari MDH davlatlariga ham eksport qilinadi. Shu o‘rinda yechimini kutayotgan muammo haqida ham aytib o‘tishni joiz bildim. Ya’ni, qoramollarni risoladagidek saqlash va chorvani yetarli ozuqa bilan ta’minlash uchun bizga qo‘shimcha yer zarur. Bu borada tuman hokimligiga murojaat qilganmiz. Arizamizga javoban qo‘shimcha yer ajratib berilsa va istiqboldagi loyihamiz to‘la amalga oshsa yana 40 kishini ish bilan ta’minlagan bo‘lar edik.

Ҳотам MAMADALIEV(surat), O‘zA