Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi Xo‘jaidod mahallasi tuman markazidan 65 chaqirim uzoqda osmono‘par tog‘lar qo‘ynida, dengiz sathidan ikki ming metr balandlikda joylashgan. Qo‘rg‘oncha, Nazari, Gulibog‘, Shoxtut qishloqlaridan tarkib topgan mahallada 1 ming 420 dan ortiq kishi istiqomat qiladi. Mahalla farzandlari 145 va 120 o‘rinli ikkita maktabda ta’lim-tarbiya oladi.
Yilning to‘rt faslida ham oppoq qor bilan yastanib turadigan tog‘ cho‘qqisiga tutash qishloqlar aholisi bog‘dorchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Olma, nok, yong‘oq, gilos kabi mevalarni parvarishlaydi. Boldek shirin asal yetishtiradi. Chorva mollari boqadi.
Yozning chillasida ham mayin esib turadigan shabada dimoqqa oppoq qor va tog‘ archalari, turli giyohlar iforini taratib, insonga xush kayfiyat ulashadi. Shifobaxsh giyohlardan oziqlangan chorva mollari qatig‘i, muzdekkina zilol suvlari kishini beixtiyor tetiklashtirib, qalblarga o‘zgacha quvonch ulashadi. Turfa gullar sharbatidan olingan asal ming bir dardga shifo bo‘ladi.
[gallery-17820]
– Boysundan salqin bu go‘shagacha transportda ikki soatdan ko‘proq yo‘l bosiladi, – deydi Xo‘jaidod mahallasi raisi Tolib Norov. – Kelgan mehmonlar go‘zal manzaralarga maftun bo‘lib, tabiat qo‘ynida miriqib dam oladi. Toza, salqin havosidan nafas olgach, qushdek yengil bo‘lib qoladi. Bu yerning tabiati kech uyg‘ongani uchun mevalar ham boshqa hududlarga nisbatan andak kechroq pishadi. Mana, Boysunda ham gilos pishib qolganiga ancha bo‘ldi. Ertagi olmalar ham pishib, yetildi. Bizda esa gilosga rang kirib, olmalar endi guldan qaytdi.
Xo‘jaidodliklarning aytishicha, bu yerlarning tarifu tavsifini ming marta eshitgandan ko‘ra, shu kunlarda bir marta kelib, mehmon bo‘lsa o‘zgacha zavqu shavq oladi. Samimiy, soddadil, mard tog‘ odamlari va siru sinoatga to‘la tabiati bilan mehr uza olmaydigan yaqin do‘st bo‘lib qoladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri