Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xo‘ja Ne’matulloh valiy qabri Qashqadaryodami?
10:57 / 2025-11-28

Tarixiy qadamjolar

Tarixdan ma’lumki, yurtimizda X-XV asrlarda ilmu ma’rifat gullab yashnagan. Shu bois ko‘plab ilm ahli shu diyorga kelishga intilgan. Buning natijasida o‘lkamizdan o‘sha davrlarda bir qancha allomalar yetishib chiqqan. Ularning ko‘pchiligi shu zaminda mangu qo‘nim topgan. 

Qashqadaryo viloyati Kitob tumaniga qarashli Mug‘ul qishlog‘i atrofida shunday bir joy bor. Shu yerlik aholi bu joyni Xo‘ja Ne’matulloh ziyoratgohi, deb atashadi va doimiy ravishda u yerdan ziyoratchilar qadami uzilmaydi. 

Bu galgi safarimiz aynan o‘sha manzilga qaratildi. Kitob tumanining tog‘li qishloqlari oralab o‘tib borar ekanmiz. kuz fasli o‘zining bor tarovati bilan namoyon bo‘ladi. Tog‘ yon bag‘irlarida barpo etilgan bog‘lar olovrang qizg‘ish tusga kirgan. Osmonga bo‘y cho‘zgan teraklar, kuzning mayin shabadasida shovillaydi. Azim chinorlar esa yaproqlari bilan vidolashmoqda...

[gallery-26452]

Mug‘ul qishlog‘i ham tumanning Palandara hududiga qarashli bo‘lib, tog‘ yonbag‘rida joylashgan. Ziyoratgohga borish uchun qishloqdan anchagina yuqoriga chiqishga to‘g‘ri keladi. Shu o‘rinda aytish joizki, u yerga olib boruvchi yo‘l ozgina ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. 

Manzilga yetib kelganimizda ziyoratgoh rahbari Said Asqarxon Muhiddinov bizni qarshi oldi va ziyoratgoh bilan tanishtirdi. 

Ko‘kka bo‘y cho‘zgan yuzlab chinorlar bor. Said Asqarxonning aytishicha, ularning yoshi 800 yildan oshiqroq. Qizig‘i, qishloqning hech qayerida chashma yo‘q, ammo aynan shu yerda chinorlar ostidan chiqadigan suv aholi uchun ichimlik suvi hisoblanadi. Buloq suvi butun qishloq aholisini ta’minlaydi. Eng yuqori qismida esa baliqlar ham yashaydi va ular hech qachon ovlanmaydi.

– Turgan joyimiz Xo‘ja Ne’matulloh ziyoratgohi bo‘lib, u kishi Mir Said Baraka bilan aka-uka bo‘lgan. Islomni targ‘ib qilish maqsadida ular 1370 yil Arabistondan Movarounnahrga safar qilib kelishgan, – deydi Said Asqarxon. – Ular payg‘ambarimizning 21 avlodlari hisoblanadi. Shu bois buyuk sohibqiron Amir Temur ularni o‘ziga pir sifatida qabul qilgan. 1390 yilgacha Samarqandda yashagan. Keyin xo‘ja Ne’matulloh boshqa joyda yashayman degan niyat bilan mana shu joylarga kelgan. Hazrati Bashir otaning tug‘ilishida ham u kishining duolari sabab bo‘lgan deyishadi. Bu yerga nafaqat mahalliy, balki xorijlik turistlar ham ko‘p tashrif buyuradi. Joriy yilda Malayziyadan turistlar kelganida ular Londondagi muzeydan Xo‘ja Ne’matullohning qabri shu yerda ekani, ulug‘ avliyolardan bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarni o‘qiganini, uni tarjima qilib, keyin shu manzilni topib kelganini ta’kidlashdi. O‘z davrida Xo‘ja Ne’matulloh ham Amir Temur bilan doimiy suhbatdosh bo‘lgan. Ma’lum bir paytdan keyin Xo‘ja Ne’matulloh Mir Said Barakadan ajralib, shu yerga kelib yashagan. Qo‘lidagi tayoqni yerga qadagan, u chinor bo‘lib ko‘kargan, tagidan suv chiqqan. Shu suv xo‘ja Ne’matullohning chashmasi deyiladi. Chillaxonada 6 yil yashab, shu yerda qazo qilgan. Bu kishidan uch oy oldin akalari Said Baraka vafot qilgan. Sohibqiron ikkovlariga ham bir paytda qabr toshi yasatib qo‘ydirgan. O‘zi ham kelib ziyorat qilgan. 

Chashma yoqalab, yuqorida mo‘’jazgina maqbara joy olgan. Unda esa xo‘ja Ne’matullohning qabri joylashgan. Qabr toshi anchagina eskirgan, temuriylar davriga xos ekanligini fotosuratlariga qarab tarixchi do‘stlarimiz ham tasdiqlashdi. 

Said Asqarxonning aytishicha, qabrtoshning ustki, har bir yon tomonlarida arabiy bitiklar bitilgan. Yon tomonidagi bitiklar mazmuni quyidagicha: Forsiyda: “Zi hokam chu xirmoni giyohi bodin, Zi har shoxi bargam, vafoi badin”. Tarjimasi: “Shu to‘dalab qo‘yilgan tuproq xirmoni giyohlar tubida, Ne amal qilgan bo‘lsam shoxi, bargi, vafosigacha shunda”. Qabrtoshning ustki qismida Qur’onning “Baqara” surasining oxirgi “Omona Rasuluhi”... oyati to‘liq bitilgan. Qabrtoshning bosh tomonida: “Sayyid Ne’matilloh ibni Abdullo ibni Abdirahmon, tarixi vafotlari 800 yil hijriy” (milodiy 1399 y.) deb ko‘rsatilgan.

Bizgacha yetib kelgan manbalarga tayanadigan bo‘lsak, Sayyid Ne’matilloh o‘z davrining faqihi, faylasufi va shoiridir. So‘fiylikdagi Ne’matillohiya yo‘nalishining asoschisi sanaladi. U kishi zamondoshlari orasida “Shoh Ne’matilloh Valiy” taxallusi bilan ham mashhur bo‘lgan. 

Tasavvufiy allomalar orasida Xo‘ja Ne’matulloh valiyning alohida o‘rni bor. Xo‘sh, u kishi haqida diniy adabiyotlarda qanday ma’lumotlar bor. Komiljon Kattayevning “Tasavvuf allomalari” asarida u haqida quyidagi ma’lumotlarni uchratish mumkin: “...Shoh Ne’matulloh Valiy kim va qanday xizmatlari evaziga mashhurlikka sazovor bo‘lgan? Nomi “Ne’matulloh ibni Abdulloh”, diniy nisbasi Nuriddin (din nuri), tasavvufiy nisbasi esa Shoh Mir Ne’matulloh Valiy bo‘lgan ushbu zotning to‘liq nomi Mir (yo Amir) Sayyid Nuriddin Ne’matulloh ibn Amir Abdulloh Kirmoniy bo‘lib, “Shoh Ne’matulloh Valiy” nomi ila tarixga mashhuru manzur bo‘lgan. Mir Sayyid Ne’matulloh 1330 yilda Iroqda, qadimiy Shom zaminining Halab shahrida dunyoga kelganligi bir necha sahih manbalarda keltirilgan. Ba’zi manbalarda uning tug‘ilish joyini Kirmonning Mohon mavzei deb, adashishadi (aslida, u yerda dafn etilgan edi). Mustafo bin Abdullo Chalabiy (Hoji Xalifa) o‘zining “Taqvim ut-tavorix” asarida yozadi: “Shoh Ne’matulloh ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Kamoliddin Halabiy Ko‘hbanoniy Kirmoniy, laqabi Nuriddin, taxallusi Sayyid va Shoh Ne’matulloh Valiy nomi ila mashhurdir... 730 yo 731 yilda Halabda tug‘ilgan”. Otasi Amir Abdulloh ibn Muhammad al-Kirmoniy zamonasining mashhur oriflaridan hisoblangan. Mir Sayyid Ne’matullohning ota- bobolari o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan arboblari bo‘lishgan. Nasab jihatidan beshinchi Imom Muhammad Boqirga borib yetishishi barcha diqqatga molik kitoblarda zikr etilgan bo‘lib, hasab jihatidan esa xizmatlari tufayli shuhratga erishgan hamda diniy, axloqiy masalalarda va nazmda yurtining peshvosi bo‘lgan. Shu bilan birga, Amir Ne’matulloh Imom Muhammad Boqir orqali 21 ota vositasida nasabi Hazrati Payg‘ambarga (s.a.v.) borib yetgan...”

A.Choriyevning “Hazrati Sulton va Hazrati Bashir tarixi” asarida ham Xo‘ja Ne’matulloh haqida qisqagina ma’lumotlar keltirilgan: “Amir Temurning “Sayyid Baraka” va “Sayyid Ne’matulloh” ismli aka-uka maslahatchilari bo‘lgan. Ular karomatli avliyolar bo‘lishgan. A’yonlarning ig‘vosi oqibatida saroyni tark etishgan. Sayyid Baraka va Sayyid Ne’matulloh Samarqanddan chiqib tog‘ ustiga kelishganda, izlaridan chopar kelib, Sohibqiron ularni saroyga qaytishlarini buyurganini aytadi. Sayyid Ne’matulloh tog‘dan pastga tushganligi uchun qaytmaydi, Sayyid Barakani qaytarib keladilar. Samarqandga Sayyid Baraka qaytganligi uchun ham xayru baraka yaxshi bo‘ladi, deyishadi. Sayyid Barakaning ukasi Ne’matulloh esa tog‘dan oshib Kitob tomonga yo‘l oladi”. 

Shu o‘rinda Shoh Ne’matullohning vafoti va qabri joylashgan joy bilan bog‘liq ixtiloflarga duch keldik. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ziyoratgohdagi qabrtosh va unda bitilgan yozuvlar allomaning qabri aynan biz borgan manzilda, ya’ni Kitob tumanidagi Mug‘ul qishlog‘i atrofidagi ziyoratgohda joylashganiga ishora qilsa, Komiljon Kattayevning “Tasavvuf allomalari” asaridagi ma’lumotlar sal boshqacharoq. Jumladan, asarda allomaning vafoti bilan bog‘liq quyidagi ma’lumotlar keltirilgan: “...Yana ham aniqroq manba “Matla’ us-sa’dayn va majma’ ul bahrayn” asari muallifi Abdurazzoq Samarqandiy shunday yozadi: “Sakkiz yuz o‘ttiz to‘rtinchi yili kamol ahlining sayyidi, holl erlarining hujjati, ulug‘ murtazo, arab va ajam sayyidlariga o‘rnak, ilohiy nurlarni ochuvchi, nihoyatsiz (Tangri)ning sirlaridan voqif bo‘lmish amir Nuriddin Sayyid Ne’matullohning ruhi lochini – yigirma beshinchi rajabda (1431 yilning 8 apreli) Kirmonning Mohon qishlog‘ida ranju mehnat vahshatobodi bo‘lgan bu dunyodan jannat gulistoni tomon uchdi. Uning qabri ham o‘sha joydadir. Bu varaqlarni to‘plovchi Abdurazzoq ibn Ishoq ittifoqan 845 yil oylarida Kirmon shahriga va Mohon qishlog‘iga bordi va Sayyid Ne’matullohning u nurli qabriyu xushbo‘y tuprog‘ini ziyorat qilishga musharraf bo‘ldi va g‘oyatda ulug‘vor qilib qurilgan qubba, borgoh, gunbaz va xobgohni ko‘zdan kechirdi”. Ko‘rib turganimizdek, temuriy hukmdorlar Shohruh va Mirzo Ulug‘beklarning tarixini yorituvchi asosiy manbalardan biri hisoblangan “Matla’ us-sa’dayn va majma’ ul bahrayn” asari ham Shoh Ne’matulloh Valiy vafotining aniq sanasini, qabr joyining aniq o‘rnini ko‘rsatmoqda...”.

Yana ba’zi bir tarixchilar ushbu qabr ramziy bo‘lib, asl qabrdan keltirilgan tuproq olib kelib dafn qilingan deyishadi. Lekin agar haqiqatda shunday bo‘lganda, bu qabr tog‘ yonbag‘ridagi olis qishloqning chetida emas, balki shahar markazlaridagi ko‘zga ko‘ringan bir joyda amalga oshirilar edi.

Albatta, bu bahsli ma’lumotlar allomaning tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlarni yanada chuqurroq tadqiq etish, o‘rganishni talab qiladi. Nima bo‘lganda ham u insonning ushbu hududlarga kelgani, shu manzillarda yashagani fakt. 

Shu o‘rinda yana bir mulohaza, bugungi kunda mana shunday ulug‘ avliyo, o‘z davrida sohibqiron Amir Temurday davlat rahbari hurmat va ehtirom ko‘rsatgan alloma nomi bilan bog‘liq ziyoratgoh, aytish joizki e’tibor va g‘amxo‘rlikka, obodonlashtirishga muhtoj. Birinchi galda u yerga olib boruvchi yo‘l abgor, bundan tashqari ziyoratgoh hududi ham xarob holda. Keyingi yillarda turizm sohasiga alohida e’tibor qaratilayotganini hisobga olsak, ushbu ziyoratgohning chetda qolib ketishi, xunuk holat deb o‘ylayman. Umid qilamizki, mas’ullar bu haqda ham o‘ylab ko‘rishadi. 

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/6czA-APe7EU?si=iSV0aQVKT8MPrLpF" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), 

O‘zA muxbirlari