O‘zbekistonning janubiy hududi hisoblangan Surxondaryo jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan o‘zining munosib hissasi, buyuk allomalar, adiblari bilan jahonga tanilgan. Ularning nomlarini abadiylashtirish, abadiy qo‘nim topgan joylarni obod qilish va ziyoratgohga aylantirish kelajak avlodning muqaddas burchi sanaladi.
Mamlakatimiz tarixshunosligida mukammal o‘rganilgan olim-shoirlar, davlat va din arboblari Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Sufi Olloyor va boshqa zabardast ijodkorlar qatorida Xo‘ja Ahror Valiy hayoti va faoliyati ham tarixiy manbalarda aks etgan.
Xoja Ahror hayotining 1480-1490 yillardagi faoliyati haqida uning eng yaqin safdoshi Muhammad Qozi Shoshiyning alloma hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Silsilat ul orifin va tazkirat us siddiqin” asarida keltirilishicha, u 806 hijriy yilning ramazon oyida, ya’ni 1404 milodiy yilning mart oyida Shosh (hozirgi Toshkent) shahrida dunyoga kelgan. Uning bobokaloni Muhammad Bog‘dodiy X asrda Abubakr Qaffol Shoshiyning shuhratini eshitib, Bog‘doddan shoshga kelib, shu yerda turg‘un bo‘lib qolgan. Xoja Ahror ona tomonidan Muhammad payg‘ambar avlodlariga borib taqaladi. Uning ona tomonidan bobosi Shayx Xovandi Tohur (Shayxontohur)dir. Muhammad Qozining yuqoridagi asarida va tarixchi olim Bo‘riboy Ahmedovning “Amir Temur” nomli tarixiy romanida ta’kidlanishicha, Shayx Xovandi Tohur nasabi jihatidan asli Termiz sayyidlaridan bo‘lib, “Xovand” so‘zi Termiz sayyidlarining nasli unvoni “Xudovand” so‘zining qisqartirilgan shaklidir. Xoja Ahrorning onasi 1359 yilda Toshkentda vafot etgan Shayx Xovand Tohurning o‘g‘li-Xo‘ja Dovutning qizidir.

Xoja Ahror dastlab Toshkentda, so‘ngra esa tog‘asi Hoji Ibrohim bilan Samarqandga kelib, bu yerdagi madrasada birmuncha vaqt tahsil oldi. Ammo o‘qishini davom ettirishga sog‘ligi imkon bermay, mustaqil tahsil olishga o‘tib, Toshkentga qaytdi.
Xoja Ahrorning ona tomonidan katta bobosi shayx Umar Bog‘istoni ulug‘ avliyo, alloma Bahovuddin Naqshbandning hurmat ehtiromiga sazovor bo‘lgandi. U o‘g‘li, Shayx Xovandi Tohurga “Tohur, mulla bo‘lma, shayx bo‘lma, so‘fi bo‘lma, musulmon bo‘l!”degan ekan. Xo‘sh, bunda qanday hikmat bor? Mullo, so‘fi, shayx musulmon emasmi? Unda musulmon kim? Xoja Ubaydulloga ana shu muammoning yechimi tinchlik bermaydi. U bu hikmat mag‘izini chaqish, o‘ziga ma’naviy rahnamo-pirni topish umidida 1428 yilda Hirotga yo‘l oldi. Bu yerda 5 yil bo‘lib yetuk shaxslar Bahovuddin Umar va Zayniddin Xavofiy suhbatlarida qatnashadi. Ulardan shayx Bahovuddin Umarga ko‘proq murojaat qilardi. Chunki shayx o‘zining kamtarligi, xalq bilan samimiy muloqoti bilan ajralib turardi.

1432 yilda u Chog‘aniyonga keldi. Chunki, XIV asr oxiri va XV asrda Chag‘oniyon Naqshbandiya tariqatining markazlaridan biri bo‘lib, u yerda Bahouddin Naqshband vafot etgandan keyin uning birinchi xalifasi Alouddin Attor Denovga ko‘chib kelib, faoliyat ko‘rsatayotgan edi. U Chog‘aniyonda Naqshbandiya tariqatini targ‘ib qildi. Naqshbandiya ta’limoti xususidagi bir qancha kitoblar Alouddin Attor rahnamoligida yozildi. Jumladan, Bahouddin Naqshbandning ikkinchi xalifasi Xoja Muhammad Porso (1348-1420) “Maqomati shayx Alouddin Attor” risolasini yozdi. U “Risolai Qudsiya” nomli asarda bu kitobni ham bevosita Xoja Alouddin Attor taklifi bilan yozishga kirishganini aytdi.
Xoja Alouddin Attorning farzandlari Hasan ibn Alouddin Attor ham otalari kabi kuchli jazb quvvatiga ega bo‘lgan. Hasan Attor Hirotga borganida, Amir Temurning o‘g‘li Shohruh shayxni shaxsan kutib olib, bedov ot sovg‘a qiladi, ular otga minayotganda, ot jilovini o‘zi tutib turdi. Alisher Navoiy tashabbusi bilan Naqshbandiya tariqati ulug‘larining maktublaridan tuzilgan “Majmuai mursolot” (“Xatlar majmui”)da Xoja Ahror Valining maktublari bilan bir qatorda Alouddin Attorning nabirasi-Xoja Muhammad ibn Hasanning ham 3 xati kiritilganligi diqqatga sazovor.

Xoja Ubaydullo Chag‘oniyonga kelib, Yoqub Charxidan Naqshbandiya tariqati asoslarini o‘rgandi. Shayxning “Maxtasar darbayonisilsilai naqshbandiya” nomli asarini mutolaa qildi. Xoja Ahror mavlono Yoqub Charxi siymosida o‘zi intilgan ma’naviy pirini ko‘rib, uni murshid sifatida tan oldi. Ta’kidlash joizki, keyinroq, ya’ni, 1451-1452 yillarda Samarqandga butunlay ko‘chib kelgan Xoja Ahror Valiyning hayot dasturi ana shu ta’limot asosida tuzildi. U buni quyidagicha ifodalagan edi: “Agar biz shayxlikni bo‘ynimizga olsak edi, unda bironta shayx murid topa olmasdi. Ammo bizga boshqa mas’uliyat, ya’ni musulmonlarni zolimlar zulmidan himoya qilish vazifasi yuklatilgan. Ana shuni amalga oshirish va musulmonlar manfaatini himoya qilish maqsadida podshohlar bilan muloqotda bo‘lib turish, ularning ishonchini qozonish lozim. Agar mashoyixlar o‘z vaqtlarini ayab, bu ishga e’tibor qilmagan bo‘lsalar, biz fuqaro uchun vaqtimizni ayamaymiz”.
Demak, Xoja Ahror Naqshbandiya tarafdorlarining, odamlarga ijtimoiy jihatdan foydali inson bo‘lishi haqiqiy musulmonchilik va go‘zal axloqdir, degan aqidalarni o‘z hayotining asosiy mazmuni, deb biladi.
Toshtemir Turdiyev,
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi
Denov tuman bo‘limi rahbari