Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xodimning ish haqidan qachon ushlab qolish mumkin? (+video)
20:17 / 2023-08-31

Oylik xodimning shaxsiy mablag‘i va uni xodim o‘zi xohishicha tasarruf qilishga haqli. Xodimning ish haqidan ushlab qolish uning yozma roziligi bilan yoki sud qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin. Boshqa hollarda (masalan, obuna, kommunal to‘lovlar va h.k) xodimning yozma roziligisiz uning ish haqidan ushlab qolish noqonuniydir.

Ish haqi faqatgina qonunda ko‘rsatilgan hollardagina xodimning roziligisiz ushlab qolinishi mumkin. 

1-holat. Soliqlar va yig‘imlarni undirish uchun 

Xodim ya’ni qonuniy mehnat qiluvchi shaxs sifatida soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi kerak, shu sabab ish beruvchi yoki buxgalter xodimning ruxsatisiz va yozma roziligisiz ham ish haqidan ushlab qolishi mumkin. 

2-holat. Davlat ijrochisining talabnomasiga ko‘ra 

Xodim kimgadir qarz bo‘lsa yoki davlatga to‘lashi kerak bo‘lgan to‘lov(jarima)lar mavjud bo‘lib va bu bo‘yicha tegishli sud hujjati mavjud bo‘lsa, bunday hollarda davlat ijrochisi xodimning ish beruvchisiga talabnoma yuboradi va ushbu talabnomaga asosan ish beruvchi xodimning ish haqidan ushlab qolishi mumkin. 

3-holat. Xo‘jalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga berilgan mablag‘larni qaytarish uchun 

Xodimga oldindan bo‘nak puli berilgan bo‘lsa, boshqa joydagi ishga ko‘chib o‘tganligi munosabati bilan xo‘jalik ehtiyojlariga yoki xizmat safarlariga mablag‘ berilgan bo‘lsa va ushbu mablag‘ sarflanmagan bo‘lsa xodim ushbu mablag‘larni qaytarishi kerak. Masalan, xodim xizmat safari uchun mablag‘ oldi, ammo u ish joyini o‘zgartirdi va xizmat safariga bormadi, shunday hollarda xodimga xizmat safari uchun oldindan ajratilgan mablag‘lar qaytarilishi zarur. 

Bu bo‘yicha ish beruvchi 1 oy ichida ushlab qolish haqida buyruq chiqarishi lozim. Ushbu muddat o‘tib ketsa yoki xodim norozi bo‘lsa, ushbu masala sud tartibida hal etiladi. 

 4-holat. Ish beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun 

Agar xodim ish beruvchining mol-mulkiga zarar yetkazsa, ushbu zararni xodim qoplab berishi shart. Masalan, xodim o‘ziga berilgan kompyuterni o‘zining e’tiborsizligi oqibatida nosoz holatga keltirdi. Ushbu kompyuterning pulini xodim to‘lab berishi kerak. Ammo xodimning o‘rtacha oylik ish haqi ushbu kompyuter narxidan yuqori bo‘lishi kerak. Yuqori bo‘lmasa, ushbu ish haqidan zararni qoplay olmaydi. 

Deylik, ushbu kompyuterning narxi 10 mln. so‘m. Xodimning o‘rtacha oylik ish haqi esa 5 mln so‘m. Demak, xodim ish haqidan ushbu kompyuterni to‘lay olmaydi. 

5-holat. Xodim mehnat intizomini buzganligi uchun 

Xodim mehnat intizomini buzganligi uchun jarima intizomiy jazo chorasi tayinlanganda, jarima ish haqidan ushlab qolinishi mumkin. 

6-holat. Ishlab berilmagan ta’til kunlari uchun 

Masalan, xodim 2020 yili 1 dekabrdan ishga kirdi va 2021 yil iyul oyida mehnat ta’tili oldi va shunga yarasha unga to‘lov amalga oshirildi. Xodim ta’tildan qaytishi bilan ishdan bo‘shashi kerakligini va u bilan hisob-kitob qilinishi kerakligini aytdi. Ushbu holatda 2021 yil iyul oyidagi ta’tili uchun 2021 yil 1 dekabrga qadar ishlab berishi kerak edi, ammo u ishlab bermadi. 

Demak, ishlab bermagan qismi uchun u ortiqcha ta’til uchun to‘lov olgan hisoblanadi va ushbu summa qayta hisob-kitob qilinib xodimning ish haqidan ushlab qolinadi.

Batafsil:   

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wmD8VmOw10o" title="Xodimning ish haqidan qachon ushlab qolish mumkin?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

"Huquqiy ekspert" turkum videolavhalarini kuzatishda davom eting va o‘z haq-huquqlaringiz haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ling.       

M.Turdaliyeva, A.Sodiqov O‘zA