Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xodimni majburiy ishdan bo‘shatish mumkinmi?
11:13 / 2021-12-14

Amaliyotda bu kabi holatlar ko‘p uchrab turadi. O‘zi bunday tushuncha qonunda o‘z aksini topganmi?

Ushbu mavzu yuzasidan Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi mas’ul xodimi Muxriddin Shamsiddinov quyidagilarni gapirdi.  

– Yuridik klinikamizga bu kabi murojaatlar tez-tez uchrab turadi. Aslida, Mehnat kodeksining 99-moddasiga ko‘ra, xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda xodim mehnat shartnomasini ikki hafta oldin yozma ravishda ogohlantirib, bekor qilishga haqli ekanligi keltirib o‘tilgan. 

Mehnat shartnomasini bekor qilishga xodim shu korxonadagi ishni haqiqatda tashlab ketish istagini bildirgan yozma arizasiga binoan yo‘l qo‘yiladi. Ariza esa uni yozuvchi shaxsning hoxish-istagini ifodalovchi murojat ekanligini unutmaslgimiz lozim. Agar xodim haqiqatdan ham ish beruvchining bosimi bilan, g‘ayriixtiyoriy ravishda ariza yozgan bo‘lsa, bu hujjat 99-moddada keltirilganidek, xodimning tashabbusi xususiyatini yo‘qotadi.

Agar ushbu holatlarda xodimning manfaatlari yuzasidan biz sudga da’vo ariza yozib beradigan bo‘lsak, sud xodimning mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizani ish beruvchining qistovi ostida berganligini, albatta, tekshirib ko‘radi.

Bunday holatlarda sudlar Oliy sudi Plenumining 1998 yil 17 apreldagi 12-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida”gi qaroriga ko‘ra Sudlar da’vogarning mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizani ish beruvchining qistovi natijasida berganligi to‘g‘risidagi vajlarini sinchkovlik bilan tekshirmoqlari lozim. Shu qarorga asoslanib, xodimdan bosim bilan olingan ariza asosida chiqarilgan buyruqni noqonuniy deb, topishi mumkin. 

Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yhatiga olingan “Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari” 2.25-bandida xodimning bergan arizasi ro‘yxatga olinishi shartligi ko‘rsatilgan. Agar xodimning arizasi ish beruvchi tomonidan ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa, bu kamchilik ham xodimning arizani majburan yozganligi to‘g‘risidagi talabini isbotlashga yordam berishi mumkin.

Xodimning arizasiga asosan ishdan bo‘shatish holatlarida, yuqoridagi kabi talablar buzilganda, xususan, majburan ariza yozdirilganda, mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq sud tomonidan bekor qilinib, xodim o‘z ishiga tiklanishi mumkin. 

 

O‘zA muxbiri
Gulnoza Boboyeva
yozib oldi.