“Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish tizimi joriy etiladi.
2026 yil 1 yanvardan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining rahbar va mas’ul xodimlari hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar, 2026 yil 1 iyundan sohalar nazoratiga mas’ul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar, 2027 yil 1 yanvardan boshqa davlat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar va ushbu lavozimlarga nomzodlar diagnostikadan o‘tkaziladi.
Diagnostika Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasiga muvofiq Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan o‘tkaziladi.
Diagnostika natijasiga ko‘ra, xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi “past” deb baholanishi mazkur lavozimda mehnat munosabatlarini davom ettirishiga monelik qiluvchi holat hisoblanadi.
Bunda xodim korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “past” bo‘lgan boshqa lavozimga majburiy ravishda rotatsiya qilinadi. Bo‘sh bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallashda yangicha tizim joriy etiladi
Farmonga ko‘ra, davlat organlarida bo‘sh bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallashda yangicha tizim joriy etiladi.
Unga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan davlat fuqarolik xizmatida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “vacancy.gov.uz” elektron platformasida e’lon qilinadi. Fuqarolarga o‘zlariga ma’qul keladigan mutaxassislik, lavozim va ish haqiga oid talablarni belgilagan holda “vacancy.gov.uz” elektron platformasida “ish qidiruvchi” maqomida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. “vacancy.gov.uz” elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan va davlat fuqarolik xizmatiga kirish bo‘yicha test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar ushbu platformada mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘ladi.
Bunda, fuqarolarga test sinovlarini shaxsni tasdiqlash va sinovlarni nazorat qilishning maxsus onlayn tizimi orqali yoki Boshqaruv samaradorligi agentligining maxsus jihozlangan xonalarida topshirish imkoniyati yaratiladi. Test natijalari 1 yilgacha amal qiladi. Tanlovning qo‘shimcha bosqichi sifatida o‘tkaziladigan sohaviy bilimlarni baholash bo‘yicha test sinovlari davlat organlarining buyurtmalariga muvofiq Agentlik huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan shartnoma asosida o‘tkaziladi.
Farmonga ko‘ra, davlat organlarida kadrlar zaxirasini yuritish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartib joriy etiladi. Davlat organlari tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan lavozimlar uchun nomzodlar ro‘yxati mustaqil shakllantiriladi. Saralashdan o‘tgan nomzodlar tarafidan shaxsiy rivojlanish rejasining bajarilishi “zaxira.bsa.uz” elektron platformasi orqali monitoring qilinadi.
Salohiyatli kadrlar zaxirasiga nomzodlar mahallada faoliyat ko‘rsatayotgan mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlari orasidan tuman (shahar) hokimlarining xulosasi asosida ishchi guruh tomonidan saralanadi.
Agentlik tomonidan davlat fuqarolik xizmatining boshqaruv va siyosiy lavozim guruhlariga zaxira mustaqil ravishda shakllantiriladi. Davlat organlarida samarali xizmat qilayotgan, biroq rahbarlari tomonidan tavsiya etilmagan nomzodlarni mustaqil aniqlash hamda baholash orqali ular Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
N.Abduraimova, O‘zA