Andijon shahridagi “Navruz Mall” savdo kompleksida favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni oshirish maqsadida o‘quv-amaliy taktik mashg‘ulot o‘tkazildi.
Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Rustam Jumayev, viloyat boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Bunyod Egamnazarov, hamkor hamda davlat quyi tizimiga kiruvchi korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etgan o‘quv-taktik mashqda soha vakillarining kasbiy mahorati, tezkorligi, belgilangan vazifani qay darajada uddalashi sinovdan o‘tkazildi.


Mashq davomida savdo majmuasida shartli ravishda yuzaga kelgan favqulodda vaziyat sharoitida yong‘in-qutqaruv qismlari shaxsiy tarkibining tezkor harakat qilishi, yong‘inni bartaraf etishi, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishi hamda majmua xodimlari va tashrif buyuruvchilarni xavfsiz evakuatsiya qilish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.


Jarayonda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, uning quyi tizimlari shaxsiy tarkibi hamda boshqa xizmatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, kuch va vositalarning shayligi amalda sinovdan o‘tkazildi.

Mashq yakunida mutasaddi rahbarlar tomonidan natijalar tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish hamda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni yanada kuchaytirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari