Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chimboy tumanlararo sudining qaroriga asosan javobgar “Shimbay dan” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 75 nafar ishchi-xodimning 329,5 million so‘m oylik ish haqini undirish belgilangan.
Shunga qaramasdan, javobgar korxona tomonidan ushbu sud qarori ijrosi ta’minlanmagan va ishchilarning ish haqlari to‘lab berilmagan. Ishchi xodimlar sud qaroriga asosan chiqarilgan ijro varaqalarining ijrosini ta’minlashni so‘rab, Majburiy ijro byurosi Chimboy tuman bo‘limiga murojaat qildi. Bo‘lim tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilib, ijro harakatiga kirishilgan.
Xususan, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan javobgar mas’uliyati cheklangan jamiyatining bosh hisobchisiga ijro hujjati ijrosi 15 kunlik muddat ichida ta’minlanishi lozimligi, ijrosini ta’minlamaslik javobgarlikka tortishga va majburiy ijro harakatlariga kirishishga asos bo‘lishi haqida bir necha marotaba ogohlantirishlar berildi. Korxonaning asosiy bank hisob raqamlari xatlovga olindi.
Shuning natijasida “Shimbay dan” mas’uliyati cheklangan jamiyatdan qarzdorlik to‘lig‘i bilan undirib ishchilarga berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.