Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xodimlarga zarur bo‘lgan sharoitlarni yaratish ish samaradorligini oshiradi
16:51 / 2022-10-11

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov boshchiligidagi delegatsiya Belgiyada amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Dastavval, delegatsiya vakillari Bryusselda Jahon bojxona tashkilotining “Ishda farovonlik – inson kapitaliga g‘amxo‘rlik demakdir” shiori ostidagi Xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.

Undan so‘ng, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov va Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunio Mikuriya bilan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, tomonlar 2021 yil noyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini va aniq chora-tadbirlarni belgilab olishgan edi. O‘tgan qisqa fursatda O‘zbekistonning Jahon bojxona tashkilotida doimiy vakili tayinlandi.

– Bizning oliy maqsadimiz – xodimlarga zarur bo‘lgan barcha sharoitlarni yaratish, ijtimoiy himoyani kuchaytirishdan iboratdir – dedi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov. – Barchamizga ma’lumki, xodim uchun qulay ish sharoiti yaratilmas ekan, xodimning o‘zi ushbu sharoitni yaratish maqsadida korrupsiyaga qo‘l uradi. Bu borada xorijiy tajribani o‘rganish uchun biz Birlashgan Arab Amirliklari, Koreya, Turkiya, Ozarbayjon, Gruziya va qo‘shni davlatlarda bo‘lib, har bir davlatda xodimlarning ish samaradorligini oshirish bo‘yicha tajribasini puxta o‘rganib chiqdik. Bu borada o‘zimizning modelimizni ishlab chiqdik. Biz mazkur yo‘nalishlarda cheklanib qolmay, bojxona xodimlari salohiyatini oshirish borasidagi islohotlarni davom ettirishdan bir daqiqa ham to‘xtamaymiz.

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Jahon bojxona tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida bir qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, kadrlarni tayyorlash, inson resurslarini rivojlantirish yo‘nalishlarida Jahon bojxona tashkiloti mutaxassislarining O‘zbekistonda bojxona organlari xodimlarining o‘quv jarayonidagi ishtirokini kuchaytirish, Jahon bojxona tashkilotining hududiy o‘quv markazlarida Bojxona institutining professor-o‘qituvchilari uchun muntazam amaliyotlarni yo‘lga qo‘yish, Jahon bojxona tashkilotining navbatdagi yillik “PICARD” nufuzli xalqaro konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bildirildi.

Jahon bojxona tashkilotida Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlarining akkreditatsiyadan o‘tishi va doimiy tarzda mazkur tashkilotda faoliyat olib borishlari masalasi ham uchrashuvda atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, tashkilot doirasida xalqaro darajadagi yirik tadbirlarni O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bildirildi. O‘z o‘rnida mazkur takliflar K.Mikuriya tomonidan qizg‘in qarshi olinib, qo‘llab-quvvatlandi.

Bugun Gibrid formatda tashkil etilgan Global konferensiyada 150 dan ziyod davlatdan 1200 nafar ishtirokchi bevosita va onlayn tarzda ishtirok etmoqda.

Konferensiya doirasida Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunio Mikuriyaning faqatgina O‘zbekiston delegatsiyasi bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazganining o‘zi ham mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bojxona sohasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar xalqaro jamoatchilikning diqqat markazida ekanligini anglatadi.

DBQ raisi o‘z chiqishida mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlat bojxona xizmati organlari xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib yashash va xizmat sharoitlarini muhayyo qilish, xodimlarning o‘zlarini to‘la namoyon qilishlariga imkon berish, pirovardida ularda o‘z kasbiga sadoqat va dahldorlik hissini kuchaytirish borasida qilingan ishlar yuzasidan atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida bugunga kelib xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan xorijiy tillarni biluvchi bojxona xodimlari soni 5 barobarga, ilmiy izlanishlar olib borayotgan xodimlar soni 2 barobarga ortdi, 700 dan ortiq xodimlar Jahon bojxona tashkilotining masofaviy ta’lim platformasi orqali tahsil olib, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishdi.

Tabiiyki, bu bojxonadagi asosiy ko‘rsatkichlarning oshishiga ijobiy ta’sir o‘tkazmoqda. Masalan, hozirga kelib davlat byudjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari 4 barobarga, bojxona qonunchiligini buzulishi holatlarini aniqlash 7 barobarga, xususan giyohvand moddalarni aniqlash 2,3 barobarga, naqd xorijiy valyutalarni aniqlash 9,3 barobarga ortdi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA