Buxoroda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan joylarda xavfsizlik texnikasi va mehnat muhofazasi qoidalariga qat’iy rioya qilish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab “Buxoro avtotexxizmat” MCHJ ishchi xizmatchilari uchun yaratilgan sharoitlar, xavfsizlik texnikasi va mehnat muhofazasi talab darajasida yo‘lga qo‘yilgani bilan tanishishdi. Korxona mehnat jamoasining unumli mehnat qilishi ularning o‘z vaqtida va to‘g‘ri ovqatlanishiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Buning uchun bu yerdagi 32 o‘rinli oshxona ishchilar xizmatida. Korxonada sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etilayotganligi, oylik ish haqlarining o‘z vaqtida berilayotganligi ham kundalik ish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Buxoro shahridagi “Garden Plaza” mehmonxonasi MCHJ shaklida faoliyat olib borayotganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. bugungi kunda bu yerda 30 kishining bandligi ta’minlangan. Mehmonxona ishga tushgandan buyon o‘tgan 8 oy davomida bu yerda xorijiy va mahalliy sayyohlardan salkam 6 ming nafariga sifatli xizmat ko‘rsatilgan. Mehmonxonada jami 72 ta xona bo‘lib, ularda barcha sharoitlar yaratilgan. 6 qavatli mehmonxonaning 1 qavatida suzish havzasi ham bu yerga keluvchi sayyohlar ixtiyorida. Press-tur ishtirokchilariga ushbu MCHJ faoliyati bilan bog‘liq tegishli ma’lumotlar berildi.
Sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan Buxorodagi “Lattigo” Buxoro agroklasteridagi xodimlarga yaratilgan sharoitlar tadbir ishtirokchilarida ijobiy taassurot qoldirdi. Klasterda bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan sut va sut mahsulotlari asosan ichki bozorga sotilmoqda. Korxonada bir kecha-kunduzda 30 tonnaga yaqin ana shunday mahsulotlar savdo do‘konlariga yetkazib berilmoqda. Sifatli pishloq mahsuloti esa Pokiston, Hindiston va Afg‘oniston davlatlariga eksport qilinmoqda.
Press-tur davomida xavfsizlik texnikasi va mehnat muhofazasi bo‘yicha mas’ul xodimlarga Respublika Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutasaddilari tomonidan tegishli yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar berildi.
– Ish beruvchilar zimmasida juda katta mas’uliyat bor, – dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qudratilla Odinayev. – Xizmat taqozosi bilan mamlakatimizning turli viloyatlarida bo‘lganimizda ayrim korxona, tashkilot va muassasalarda bu mas’uliyat biroz bo‘lsada unutib qo‘yilganga o‘xshaydi. Holbuki, ishlovchilarga yetarli mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish, ish joylarida xavfsizlikni ta’minlash ular zimmasidagi muhim vazifadir.
Tadbir davomida press-tur ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga tashkilotchilar tomonidan batafsil javob berildi.
[gallery-7949]
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA