Sirdaryo viloyatidagi “Guliston neft bazasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va 9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan xodimlar uchun huquqiy savodxonlik tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Sirdaryo viloyat Adliya boshqarmasi bosh maslahatchilari Bunyod Abduxalilov va Temurmalik Hazratqulov ishtirok etishdi. Ishtirokchilar Konstitutsiyaning yangi tahriridagi asosiy o‘zgarishlar, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot oldilar.

Bunyod Abduxalilov ta’kidlashicha, Konstitutsiya jamiyat taraqqiyoti va inson qadri uchun mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarda shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish hamda qonun ustuvorligini amalga oshirishda asosiy ahamiyatga ega.

Davra suhbati davomida xodimlar bilan savol-javoblar tashkil etildi, hayotiy misollar orqali huquqiy tushunchalarni yanada chuqurroq o‘zlashtirish imkoni yaratildi. Ishtirokchilar qonuniylik, fuqarolik mas’uliyati va ochiqlikni ta’minlashning ahamiyatini alohida qayd etdilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri