Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Xususan, yuridik shaxsni tashkil qilish va uni soliq organlarida hisobga qo‘yish amaliyotini uydan yoki ofisdan chiqmasdan turib, amalga oshirish imkoniyati mavjud. Bu, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’ektlariga qulaylik yaratadi.
Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Komil Saidovning qayd etishicha, tadbirkorlik sub’ektlarida biron bir yuridik yordam yoki shu interaktiv xizmatlardan foydalanish istagi bo‘lsa, istalgan Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishlari mumkin. Avvallari, yuridik shaxsni tashkil qilish uchun, albatta, o‘sha hududdagi davlat organlariga murojaat qilinar, masofadan turib istalgan hududda tadbirkorlik sub’ektini tashkil etishga to‘sqinlik qilinar edi. Bugungi kunda esa, xizmatlar butun O‘zbekiston bo‘ylab (internet orqali) ko‘rsatiladi va yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda onlayn tarzda soliq organlarida ham hisobga qo‘yiladi.
Hisobga qo‘yish jarayonida ham bir qancha imkoniyatlar bo‘lib, bu haqda K.Saidov batafsil so‘zlab berdi.
– Tadbirkorlik sub’ekti soliq organlariga hisobga turayotganda bir vaqtning o‘zida qaysi soliq turini to‘lashini ham tanlashi mumkin. Deylik, tadbirkorda aylanmadan olinadigan soliq yoki qo‘shilgan qiymat va foyda soliq turini o‘zining faoliyat turidan kelib chiqib, tanlash imkoniyati bor. Mana shu tanlash doirasida avtomat tarzda soliq organlarida ham ushbu soliq to‘lovchisi sifatida hisobga olinadi. Yoki bo‘lmasa, davlat ro‘yxatidan o‘tish jarayonida bank hisob raqamlarini ochish bo‘yicha ham xizmatdan foydalanish mumkin. Bir vaqtning o‘zida o‘sha onlayn arizalar tijorat banklariga yuboriladi va bank hisob raqamlarini ochishga imkoniyat yaratiladi.
Bu kabi qulayliklar natijasida tadbirkorlik sub’ektlari soni oshib bormoqda. Xususan, 1 avgust holatiga ko‘ra o‘tgan yetti oy davomida 117,7 mingta tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilingan bo‘lsa, shuning 59,7 minggini yuridik shaxslar, 58 mingtasini yakka tartibdagi tadbirkorlar tashkil etadi. Mana shu sub’ektlar bir vaqtning o‘zida soliq organlarida ham hisobga qo‘yildi. Ya’ni mana shuncha (117,7 ming) yangi soliq to‘lovchi paydo bo‘ldi.
Tadbirkorlik sub’ektlarini maqsadli qo‘llab-quvvatlash va ularni iqtisodiy faoliyatdan kelib chiqib, toifalarga ajratish maqsadida joriy yil 10 fevralda “Tadbirkorlik sub’ektlarini toifalarga ajratish mezonlari hamda soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga asosan, endi tadbirkorlik sub’ektlari kichik, o‘rta va yirik biznesga ajratilishi belgilandi.
– Avvallari qanday edi?
– Avvallari sub’ektlar faoliyat turidan va xodimlar sonidan kelib chiqib, kichik va yirik toifalarga ajratilardi. Iqtisodiy faoliyatdan ma’lumki, har doim ham xodim soni korxonaning iqtisodiy barqarorligini yoki uning yirikligini belgilab bermaydi. Masalan, ba’zi bir faoliyat turlarida tovar aylanmasi katta, ammo ishchi kuchidan kam foydalanishi mumkin. IT yo‘nalishlari bugungi kunda rivojlanyapti. Shularni inobatga olib, yuqoridagi hujjat bilan endilikda sub’ektlarni kichik, o‘rta va yirik biznesga ajratish belgilandi. Oldin qonunchiligimizda o‘rta biznes tushunchasi yo‘q edi. Prezident farmoni bilan yangi tushuncha kiritildi va bu yerda aniq mezonlar asosida belgilab berildi.
– Kichik tadbirkorlik sub’ektlariga kimlar kiradi?
– Yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘rtacha yillik daromadi bir milliard so‘mgacha bo‘lgan va ta’sischilari, ya’ni ishtirokchilari jismoniy shaxslar bo‘lgan mikrofirmalar, jami daromadi 1 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan va ta’sischilari, ya’ni ishtirokchilari yuridik shaxslar bo‘lgan kichik korxonalar kichik tadbirkorlik sub’ektlari sifatida e’tirof etiladigan bo‘ldi.
Jami daromadi yil davomida 10 milliard so‘mdan 100 milliard so‘mgacha bo‘lgan sub’ektlar esa, o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari sifatida, 100 milliard va undan yuqori bo‘lgan tovar aylanmasiga ega bo‘lgan korxonalar yirik korxona sifatida e’tirof etiladi.
Tovar aylanmasiga nisbatan toifa belgilanishi, tadbirkorlik sub’ektlari bilan aniq maqsadli ishlashimizga xizmat qilmoqda.
Ya’ni soliq organlari oldiga ham kichik tadbirkorlik sub’ektlarini o‘rta, o‘rta tadbirkorlik sub’ektlarini yirikka aylantirish maqsadi qo‘yildi.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan yetti oyi davomida 2022 yilga nisbatan kichik tadbirkorlikdan o‘rta toifaga o‘tgan sub’ektlar soni mingdan oshgan. Jami o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari 9 ming 600 tani tashkil qilmoqda. Demak, mana shu sub’ektlar ham asta-sekin yil yakunigacha tovar aylanmasini oshirib, o‘rta sub’ektdan yirik sub’ektga aylanishi ehtimoli bor. Bu, o‘z navbatida, davlat byudjetiga tushumlar ko‘payishiga olib keladi.
Mohigul Qosimova suhbatlashdi.
O‘zA