Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xodimlar onlayn ro‘yxatdan o‘tadi
12:25 / 2026-01-13

2026 yil 15 yanvardan 28 fevralgacha respublika miqyosida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Bu Prezidentning 2025 yil 19 sentyabrdagi «Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bilan belgilangan. Tadbir aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari, qishloq xo‘jaligi holati hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash istiqbollarini baholash uchun zarur ma’lumotlar bazasini shakllantirishga qaratilgan.

Farmonga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari 15–31 yanvar kunlari o‘z xodimlarini census.stat.uz portali orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar ham ro‘yxatga kiritiladi. Maqsad — aholi va qishloq xo‘jaligi sohasidagi ma’lumotlarni yagona statistik bazaga integratsiya qilish va respublikaning ijtimoiy hamda iqtisodiy rivojlanishini samarali rejalashtirish.

Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasida «Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish» mavzusida seminar tashkil etildi. Unda ro‘yxatga olish jarayoni, ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash mexanizmlari hamda aholi bilan ishlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar muhokama qilindi.

Seminarda ishtirok etgan Sirdaryo viloyat statistika boshqarmasi mutaxassisi Sirojiddin Azimov va tegishli soha xodimlari respublika va viloyat darajasidagi tayyorgarlik ishlari hamda tadbirni o‘tkazish tartibotlari haqida batafsil tushuntirish berishdi. Shuningdek, ishtirokchilarga onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayoni, portalda hisob yuritish, ma’lumotlarning xavfsizligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar taqdim etildi.

Ro‘yxatga olishda ishlovchi xodimlarni rag‘batlantirish, ularning asosiy ish joyi va oylik ish haqi saqlanishi hamda «Mahalla yettiligi» tizimi orqali tadbir samaradorligini oshirish mexanizmlari bo‘yicha ham so‘z yuritildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri