Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xodimlar manfaatini himoya qilish asosiy vazifamiz
12:08 / 2025-10-25

O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining tarixi 1905 yilga borib taqaladi. Joriy yil butun mamlakatimiz bo‘ylab kasaba uyushmalarining 120 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda. Inson qadri, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish g‘oyasini ilgari surgan bu tashkilot o‘z dolzarbligini hech qachon yo‘qotmagan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda kasaba uyushmalari faoliyatida yangi rivojlanish bosqichi boshlandi.

Kasaba uyushmalarining asosiy maqsadi mehnatkash insonlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy adolatni ta’minlashdir.

Mamlakatimiz rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvda bu tashkilotning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, erishgan yutuqlari va kelgusi vazifalari haqida atroflicha so‘z yuritildi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, kasaba uyushmalarining ko‘p millionli a’zolari mehnati va xalqimizning bag‘rikengligi Yangi O‘zbekistonni barpo etishda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.

So‘nggi yillarda kasaba uyushmalari faoliyatining huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Yangilangan Konstitutsiya, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Shuningdek, kasaba uyushmalari vakillarining Parlament huzuridagi Jamoatchilik ekspert kengashlariga kiritilishi xodimlar manfaatini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Kasaba uyushmalari jonbozligi tufayli keyingi yillarda 500 mingga yaqin xodimning qonuniy huquqlari himoya qilindi, ularning foydasiga 267 milliard so‘m undirildi, nohaq ishdan bo‘shatilgan 13 ming xodim ishga tiklandi. Bu raqamlar mehnatkashlar huquqlarini ta’minlashda kasaba uyushmalarining amaliy faolligini yaqqol ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, Kasaba uyushmalari federatsiyasining xalqaro maydondagi nufuzi ham ortib bormoqda. Markaziy Osiyo davlatlari kasaba uyushmalari kengashi va Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotiga asos solinishi, Federatsiyaning Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga a’zo bo‘lishi buning yorqin isbotidir.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya barcha islohotlarimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu g‘oyaning amaliy ifodasini Farg‘ona davlat universiteti kasaba uyushmasi faoliyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Farg‘ona davlat universiteti kasaba uyushmasi 1930 yilda Mirzo Ulug‘bek nomli Farg‘ona davlat pedagogika instituti qoshida tashkil etilgan. O‘tgan 95 yil mobaynida ushbu tashkilot universitet jamoasi a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sog‘lom va barkamol muhitni shakllantirishda muhim o‘rin tutmoqda.

1950-1960 yillarda uyushma a’zolari soni talabalar hisobiga 4 ming nafardan oshib ketgan. Bu davrda ijtimoiy-iqtisodiy, sog‘lomlashtirish va mehnat muhofazasi yo‘nalishlariga katta e’tibor qaratilgan. 1960-1970 yillar davomida 100 dan ortiq xodim sog‘lig‘ini tiklash va dam olish maqsadida sanatoriy hamda dam olish uylariga yuborilgan.

1990 yillardan boshlab kasaba uyushmasi jamoa a’zolarining ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilishda faoliyatni yangi bosqichga ko‘tardi. Professor Ahmadali G‘ofurov, dotsent Dilbarjon Qurbonov, Tursun Mamurov, Tojiddin Mamurzaqov, Odiljon Haydarov kabi rahbarlarning bu yo‘nalishdagi xizmatlari beqiyosdir.

Bugungi kunda FarDU kasaba uyushmasida 11 ta fakultet va bo‘limlarda faoliyat yuritayotgan 2036 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi va ishchi-xodimlar a’zo hisoblanadi.

Faqat 2024 yilning o‘zida 300 nafardan ortiq xodim sog‘lomlashtirish sihatgohlariga yuborilgan, 150 nafar farzand oromgohlarda dam olgan. 800 nafardan ortiq xodim moddiy yordam va oziq-ovqat bilan ta’minlangan.

2025 yil –“Atrof muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” munosabati bilan universitet kasaba uyushmasi tomonidan ham qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu yilning o‘zida 205 nafar xodim va ularning ota-onalari sihatgohlarda dam oldi, Xodimlarning 200 nafar farzandi oromgohlarga yuborildi, 105 nafar xodim uchun respublika bo‘ylab sayohatlar tashkil etildi.

Universitet rahbariyati va kasaba uyushmasi hamkorligida nafaqadagi ustozlar holidan xabar olish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan.

Farg‘ona davlat universiteti kasaba uyushmasining 95 yillik faoliyati O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining taraqqiyot bosqichidagi yutuqlarini ifodalovchi yorqin misoldir. Bu tashkilotning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va sog‘lomlashtirish sohalaridagi faoliyati “Inson qadri uchun” g‘oyasining amaldagi ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kasaba uyushmalari faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan va bu siyosat izchil davom ettiriladi. Universitet tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, kasaba uyushmalari bugun mehnat jamoalarining huquqiy himoyachisi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.

Foziljon Otaqulov,  

Farg‘ona davlat universiteti kasaba uyushma qo‘mitasi raisi.

O‘zA