O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” davlat korxonasi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qator farmon va qarorlar ijrosi doirasida “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” tubdan takomillashtirildi.
Prezidentimizning joriy yilning 2 iyundagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tizimni tubdan isloh qilish va sohani rivojlantirishga oid vazifalar belgilangan bo‘lib, “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DKga ham bir qator yo‘nalishlarda islohotlarni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
bugungi kunda respublikada akkreditatsiyadan o‘tgan jami 243 ta sinov va 8 ta kalibrlash laboratoriyasi, 14 ta menejment tizimlarini sertifikatlashtirish, 69 ta mahsulotlarni sertifikatlashtirish, 15 ta inspeksiya organi faoliyat olib bormoqda.
Matbuot anjumanida mazkur sohada yutuqlar bilan birga muammo va kamchiliklar ham mavjud ekanligi qayd etildi. Buni akkreditatsiyadan o‘tayotgan idoralar va akkreditatsiyadan o‘tgan idoralarning xizmatidan foydalanuvchi shaxslarning shikoyat, takliflaridan ham bilish mumkin.
– bugungi kunda asosiy muammomizni sinov laboratoriyamiz misolida oladigan bo‘lsak, sinov laboratoriyasi to‘liqligicha xalqaro standart talablariga muvofiq olib borilishi uchun asosiy masalaga e’tibor qaratilishi lozim bo‘ladi, – deydi “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DK direktori Ansabxon Zakirov. – Bu sinovlarning o‘tkazish, sinov laboratoriyamizda xalqaro metodning mavjudligi va, asosiy masala sinov laboratoriyasida malaka yetarli bo‘lishi. Misol uchun sharoit, uskuna, hujjatlar bo‘lgani bilan malakali xodim bo‘lmasa, hech qanday to‘g‘ri, aniq sinovga erishish imkonsiz. bugungi kunda sinov laboratoriyamiz to‘liq asbob-uskuna bilan ta’minlangan. Barcha sharoitlar yaratilgan. Ammo bizning oqsayotgan tomonimiz bu xodimlarning malakasi yetishmayotganligidadir.
Ya’ni ko‘pchilik xodimlar eski milliy standartlarda ishlab kelayotganligi sababli, xalqaro standartlar joriy etilganda qiyinchilikka duch kelishmoqda. Markazda kelib chiqayotgan muammoni o‘rgangan va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘quv- seminar dasturlari ishlab chiqildi. 2021 yilning birinchi yarmida Markaz tomonidan, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda tashkillashtirilgan o‘quv -seminarlarda respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan laboratoriyalarning 173 ta xodimi malakasi oshirildi. Yil yakuniga qadar Rossiya, Belarus va Koreya davlatlaridan mutaxassislarni jalb qilgan holda yana 300 ta xodimning malakasi oshiriladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA